Butun Oʻzbekiston yoshlariga yana qanday sharoit zarur boʻlsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz — Shavkat Mirziyoyev
Yangi Oʻzbekiston mamlakatimiz yoshlari uchun yuksak parvozlar, katta-katta gʻalabalar maydoniga aylanib bormoqda. Har bir yoʻnalishda – taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va biznes sohalarida yangi nomlar, yangi qahramonlar paydo boʻlmoqda. Mana shunday bilimli, joʻshqin va izlanuvchan oʻgʻil-qizlar bilan barchamiz haqli ravishda faxrlanamiz.
«Aziz farzandlarim, bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlishdek ulkan baxt va yuksak sharaf sizlarga nasib etmoqda. Qancha-qancha ajdodlarimiz intilib yashagan shu buyuk orzuni roʻyobga chiqarishga sizlar, shubhasiz, qodirsiz.
Bugungi tinch va osoyishta hayotning, yaratilgan katta imkoniyatlar, ota-onalar, ustoz-murabbiylaringiz mehnatining qadriga yetib, tinimsiz oʻqib-oʻrgansangiz, bilim va mahoratingizni doimo oshirib borsangiz, kelajak, albatta, siznikidir.
Bu yoʻlda sizlarga, butun Oʻzbekiston yoshlariga yana qanday sharoit zarur boʻlsa, barchasini yaratib berishga tayyormiz. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun deb yashasangiz, Vatan va xalq ham sizni eʼzozlab, boshiga koʻtaradi!
Yangi Oʻzbekistonning oltin avlodi boʻlib, uning zafar bayrogʻini baland koʻtarishdan hech qachon toʻxtamang, aziz farzandlarim!» – dedi davlatimiz rahbari.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring