“Bunyodkor” ulkan oʻzgarishlar manziliga aylanmoqda

00:16 09 Noyabr 2021 Jamiyat
974 0

Foto: Халқ сўзи

Yangi Namangan tumanidagi “Bunyodkor” mahallasi – davlatimiz rahbari joriy yilning 18-19-fevral kunlari viloyatga tashrifi chogʻida ogohlantirmay borgan manzil. Oʻshanda bu yerdagi nochor infratuzilma, jumladan, elektr energiyasi, ichimlik suv taʼminoti, avtomobil yoʻllari va ichki koʻchalardagi ahvol jiddiy tanqid qilinib, kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qatʼiy topshiriqlar berilgan edi. Oʻtgan qisqa vaqt ichida ular ijrosi boʻyicha astoydil ish olib borildi. Xususan, shahar markazigacha boʻlgan avtomobil yoʻlining asfalti yangilanib, koʻchalarga beton tayanch ustunlar oʻrnatish, elektr tarmogʻi tortish, transformatorlarni taʼmirlab, soz holga keltirish, eng asosiysi, toza ichimlik suvi, tabiiy gaz taʼminoti boʻyicha zarur chora-tadbirlar roʻyobga chiqarildi.

Bugun mahallada qad rostlagan dastlabki koʻp qavatli turar joylardagi xonadonlar kaliti oʻz egalariga topshirildi. Har biri 20 xonadonga ega besh qavatli ushbu binolarda aholiga munosib turmush sharoitlari yaratilgan boʻlib, ular asosan muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti asosida taqdim etildi.

- Turar joy muammosi yaqin vaqtga qadar oilamizni qiynab kelayotgan edi, endi esa oʻz uyimiz bor,-deydi ikki xonali xonadon sohibasiga aylangan Barno Maʼmurova. – Yolgʻiz onaman. Uyning boshlangʻich toʻlovi davlat hisobidan qoplab berilgani oilamiz uchun madad boʻldi. Bugun ikki farzandim bilan shinam xonadonga koʻchib kirdik. Bolalarimning quvonchini soʻz bilan taʼriflab berolmayman.

Zamonaviy binolar taqdimoti oʻtkazilgan turar joy majmuasi hozirda beshta binodan iborat. Qurilish ishlari davom ettirilib, ular qatoriga yana 50 tasi qoʻshiladi. Bir paytning oʻzida maktab, bolalar bogʻchasi va boshqa ijtimoiy inshootlar ham qad rostlaydi. Bu bilan ushbu joyni “Yangi Oʻzbekiston massiviga” aylantirish koʻzda tutilgan.

0,8 gektar maydonda qurilishi tugallangan “Bunyodkor” kichik sanoat zonasi ham mahalla ahliga katta tuhfa boʻldi. Unda 25 milliard soʻmlik toʻrtta loyiha roʻyobga chiqarilishi bilan 500 kishiga doimiy ish oʻrni yaratildi. Tadbirkorlik jamoalarining asosiy qismi tekstil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. Ulardan biri – “NT home textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati hozirning oʻzidayoq mahalla yoshlaridan 100 nafarini ishga oldi. Yiliga 100 ming dona trikotaj buyumlari tayyorlash quvvatiga ega korxona oʻz mahsulotining 85 foizini eksportga chiqaradi.

“Bunyodkor”dagi oʻzgarishlar mahalla fuqarolar yigʻini, davlat xizmatlari markazi filialini oʻz ichiga olgan zamonaviy guzarni ishga tushirish bilan boshlangan edi. Endilikda ular yoniga viloyat markazidagi “Yangi Oʻzbekiston yoshlar ziyo maskani” axborot kutubxonasining filiali ham qoʻshildi. 4 mingdan ziyod bosma, koʻplab miqdorda elektron adabiyotlarga ega bu maskanda internet aloqasining keng imkoniyati yaratilgan. Ziyoxona yonida respublika mahallalari orasida birinchi boʻlib “IT-school” oʻquv markazi ochildi. Bu raqamli mahalla tizimini joriy etish borasidagi ilk qadam boʻlib, unda hudud aholisi, hususan, yoshlar bepul asosda IT sohasidagi eng zamonaviy bilimlarni egallaydi.

“Bunyodkor”dagi taqdimot marosimi mahalla ahli va mehmonlar uchun chinakam bayramga aylandi. Tadbir ishtirokchilari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan roʻyobga chiqarilayotgan bunday ulkan oʻzgarishlardan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.

Tadbirda Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер