Bundan 24 yil muqaddam ish boshlagan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tarixida jurnalistlar uchun ikkinchi bor press-tur tashkil etildi
Foto: Istam Ibrohimov / Xalq soʻzi
1997-yilning 22-avgustida Buxoro neftni qayta ishlash zavodining birinchi navbati ishga tushirilgandi.Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadigan ushbu korxona darvozasi yaqin – yaqingacha biz, jurnalistlar uchun berk edi, desak yanglishmaymiz.
Zamon oʻzgardi. Dunyoqarashlar ham. Jamiyatimiz ochiqlik, shaffoflik sari yuz tutmoqda. Xuddi shunday, korxona maʼmuriyati ham ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun zavod tarixida ikkinchi bor press-tur tashkil etdi.
-Korxona ish boshlaganida 7-8 xil mahsulot ishlab chiqargan, - deya eslaydi zavod bosh muhandisi Baxtiyor Mustafoyev. - Bugungi kunda esa 20 dan ortiq marka(rusum)dagi, 9 turdagi mahsulot tayyorlanyapti. Ishlab chiqariladigan mahsulotlarimiz qatoriga AI-80, AI-91, AI-92, AI-95, QuWatt AI-95 brendi va yangi AI-98 avtomobil benzinini qoʻshish mumkin.
Keyingi yillarda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, sifatni yaxshilash, isteʼmolchilarning sifatli neft mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qondirish borasida qator ishlar bajarildi. Jumladan, “QuWatt” brendi ostida avtobenzin va dizel yonilgʻilarini ishlab chiqarish boʻyicha choralar koʻrildi.
-Yangi modifikatsiyali, yuqori oktanli, xalqaro andazalar darajasidagi mahsulotlar ishlab chiqarishdan koʻzlangan maqsad atrof-muhit tozaligiga hissa qoʻshishdir,- deydi korxona innovatsiya menejeri Ruslan Hojiyev. - Oʻz navbatida biz mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda ishlab, muayyan natijalarga erishayapmiz. Masalan, ishlab chiqarish jarayonida qoʻllaniladigan xloridlar adsorbentini tayyorlash texnologiyasini oʻzlashtirdik. Ilgari u Fransiyadan import qilinardi. Birgina shu ishlanma korxonaga 20 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻni tejab qolish imkonini bermoqda.
Press-tur davomida jurnalistlar avtomobil benzini ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdilar. Xom ashyoni qabul qilish va tayyor mahsulotni isteʼmolchilarga joʻnatishga ixtisoslashgan estakada, markaziy boshqaruv punkti, tahlilxona faoliyati, korxona ishchi-xodimlari salomatligini muhofaza qilish borasida yaratilgan shart-sharoitlar ham eʼtibordan chetda qolmadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring