Bulungʻurda zamonaviy xususiy maktab qurilyapti

12:02 01 Iyun 2020 Jamiyat
954 0

Bugungi kunda tadbirkorlar tomonidan tashkil qilinayotgan xususiy maktablarning asosiy qismi shahar joylarida boʻlib, qishloqlarda bunday taʼlim muassasasi deyarli yoʻq.

Bulungʻur tumani Qirqshodi mahallasida “SMART WORDS” MCHJ tomonidan davlat-xususiy sherikchilik asosida maktab ochish rejalashtirildi.

Qishloqdagi foydalanilmayotgan eski maktab binosi oʻrni xususiy maktab uchun ajratildi. Avvaldan qurilgan 10 xonali maktab binosi toʻliq rekonstruksiya qilinib, undan yotoqxona maqsadida foydalaniladi. Asosiy oʻquv binosi, sport zal hamda basseyn qurish ishlari boshlab yuborilgan.

— Maktab iqtidorli bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ular oʻrtasida sanʼat va sportni rivojlantirish, kompyuter savodxonligi hamda kitobxonlik madaniyatini oshirish maqsadida tashkil etilmoqda, - deydi “SMART WORDS” MCHJ muassisi Nigora Urolova. — Qurilish ishlari yakunlangach, oʻquvchilarni har yili 1-sinfdan boshlab qabul qilamiz. Shuning uchun xususiy maktabda yotoqxona ham tashkil etdik. Olis qishloq bolalari ham kelib oʻqishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratamiz.

Shunday qilib endi bulungʻurlik qishloq yoshlari ham zamonaviy qulayliklarga ega xususiy taʼlim muassasasida oʻqish imkoniga ega boʻladi. Bundan tashqari, yoz oylarida bu yerda bolalar uchun dam olish oromgohi tashkil etish rejalashtirilgan.

Ayni damda xususiy maktabni qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Buning natijasida pandemiya davrida 30 ga yaqin qishloq yoshlari mavsumiy ish bilan taʼminlangan.

Abdulaziz Yoʻldoshev

(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер