Buloqboshida suv toshqinidan keyingi hayot oʻz maromiga tushdi

15:07 14 May 2025 Jamiyat
184 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Falokat oyoq ostida, deganlari rost. Oʻsha kuni “Suv toshyapti, mahallani suv bosyapti...” degan mudhish xabar hammani shoshirib qoʻydi. Kattayu kichik koʻchaga oshiqdi. Koʻz oʻngida hududdan oʻtuvchi “Janubiy Fargʻona” kanali oʻzaniga sigʻmay oqar, suv Sarvontepa mahallasi boʻylab harakatlanardi. Bir nafasda koʻchalarni, hovlilarni suv bosdi. Odamlar “Norin-Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan suv butkul toʻxtatilgani haqidagi xabarni eshitib biroz oʻziga keldi. Suv toshqini bartaraf etilgani bilan oqibati koʻpchilikni xonavayron qilgani haqiqat. Odamlarning bir umr misqollab qurgan uylari sanoqli daqiqalarda halokat girdobida qolishini tasavvur etishning oʻzi qiyin. Mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida ishchi guruhi tuzilib, holat yuzasidan tekshiruv ishlari boshlandi.

Maʼlum boʻlishicha, shu kunlarda Andijon viloyatida ichki imkoniyatlarni ishga solish orqali elektr taʼminotiga boʻlgan ehtiyojni qondirishga kirishilgan. Jumladan, kichik GESlarni barpo etish ishlari boshlab yuborildi. Buloqboshida ham Rossiya Federatsiyasining “Energo sila” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 15 mln. yevro boʻlgan 6,9 mVt quvvatdagi kichik GES qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Shu yilning 8-may kuni bunyodkorlik ishlarini davom ettirish maqsadida “Katta Fargʻona” kanaliga qoʻshimcha suv yoʻnaltiriladi. Bu kanal qirgʻogʻini yemirib, suv toshqiniga sabab boʻldi. Manzilda ish faoliyatini boshlagan shtab 4 ta ishchi guruhidan tarkib topdi. Ular tomonidan jabr koʻrgan oilalardagi zararlar oʻrganildi. 10 ta tumandan yetib kelgan 1200 nafardan ziyod yordamchi kuchlar talafotni bartaraf etishga kirishdi. 300 ta xonadonning yertoʻlasi, tomorqasi, hovlisida tozalov ishlari boshlandi.

— Talafotni bartaraf etish ishlari uch kun davom etdi, — deydi viloyat hokimligi masʼul xodimi Rustamjon Eshonov. — Zarar koʻrgan xonadonlarga qurilish xom ashyolari yetkazib berildi. Mahalla aholisiga uch mahal issiq ovqat tarqatildi. 72 ta temir beton tayanchlar yangisiga almashtirilib, 6 km. elektr tarmoqlari taʼmirlandi. 2 ta ichki koʻchaning 7 km. qismida shagʻallash ishlari yoʻlga qoʻyilib, 800 metri asfaltlandi. Yana 10 km. yoʻlni asfaltlash ishlari davom etmoqda. 300 metrga yangi quvur tortish orqali aholining ichimlik suvi taʼminoti qayta tiklandi. Sarvontepaga yondosh Zargʻaldoq, Sohibkor mahallalaridagi 20 dan ziyod ichki koʻchalarning ariq va zovurlari tiqindan tozalandi. Eng muhimi, “Janubiy Fargʻona” kanalida amalga oshirilishi zarur boʻlgan taʼmirlash ishlari toʻliq bajarildi. Buning uchun 1,2 metr balandlikda qoʻshimcha beton devor qurildi.

Oʻzbek xalqi azaldan boshqalar boshiga kulfat tushganda hamma ishini chetga surib, uning mushkulini oson qilishga odatlangan. Buloqboshida bu fazilat chinakamiga yana bir bor oʻzini namoyon etdi.

— Boshimizda shu sinov bor ekan, — deydi “Navroʻz” koʻchasida yashovchi Bahodirjon Yoʻlchiyev. — Suv hovlimizgacha kirib keldi, qayoqqa qochishni bilmadik. Ishchi guruhi zudlik bilan suvni toʻxtatish, aholini koʻchirish, koʻcha va hovlilarni tozalashga kirishdi. Koʻrpa-toʻshakdan tortib oziq-ovqatgacha olib kelishib, qulay sharoit yaratib berishdi. Agar tezkorlik bilan ishga kirishilmaganida mahalladagi barcha uylar suv ostida qolardi.

— Har soniyada Prezidentimizning rahnamoligini his qilib turdik, — deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Raʼnoxon Umrzoqova. — Ishchi guruhi “Davlatimiz rahbari barcha imkoniyatlar ishga solinsin, xalqim aziyat chekmasin”, — degan gaplarini bizga yetkazganda koʻzimizga yosh keldi. Shu kunning oʻzida yetkazilgan zararlar qoplab berildi.

Hozir sarvontepaliklar har doimgidek xotirjamlikda bir dasturxon atrofida jamlanib, ertangi kunga umidlar bilan boqmoqda. Kimdir ishga shoshadi, farzandlarini oʻqishga kuzatadi, boshqasi tomorqasiga yangitdan ekin ekmoqda. Suv toshqinidan keyingi hayot Buloqboshida oʻz maromiga tushganidan xotirjam.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер