Buxoroga borsam men agar...

14:44 17 Yanvar 2024 Jamiyat
344 0

2021-yilda oilamiz uchun yengil mashina sotib olish harakatida yurgan edik. Buxoro shahrida “Spark” avtomobili sotilishi haqidagi eʼlonga koʻzimiz tushib qoldi. Mashinaning texnik holati va narxi maʼqul tushdi va xarid qilish maqsadida oʻgʻlim bilan uzoq yoʻlga otlandik. Oʻsha paytda oldi-sotdi shartnomasi anchagina qimmat boʻlganligi uchun avtoulov egasi Abdurahmon Gʻiyosov bilan bosh ishonchnoma rasmiylashtirishga kelishildi.

Biroq, bu shartnoma bizga qanday muammolar keltirib chiqarishini oʻylamagan ekanmiz. Keyin bizga maʼlum boʻlishicha, A. Gʻiyosov 2020-yil 11-sentyabrda “Ipotekabank”ning Buxoro viloyat filialidan “Neksiya-3” uchun kredit olib, yangi mashina xarid qilgan ekan. Amaldagi tartiblarga koʻra, bu mashinaga davlat raqami olinib, 15 kun ichida bank tomonidan garov roʻyxatiga kiritilishi, qarzdorga kreditni qaytarishning 36 oylik jadvali taqdim etilishi shart edi.

Lekin, toʻrt oy muddat oʻtishiga qaramay, yaʼni, 2020-yil 15-dekabrgacha moliyaviy muassasa ushbu talabni bajarmaydi va uning sohibi avtoulov davlat raqamini qaysidir yoʻllar bilan almashtirgan holda sotib yuboradi. Kreditni undirishga koʻzi yetmagan bank maʼmuriyati qarzdorni sudga beradi. Aybi isbotini topgan A. Gʻiyosov afvga tushadi, jinoyat ishtirokchisi boʻlgan oʻgʻli Alisherga toʻrt yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanadi. Qarzni undirish vazifasi esa Majburiy ijro byurosining Buxoro shahar boʻlimiga topshiriladi.

Bu orada “Spark”ning oldi-sotdisini toʻla rasmiylashtirish uchun 2022-yil sentyabrda Buxoroga bordik. Murojaat qilingan notarial idorada mashinaga taʼqib qoʻyilganligini aytishdi va ishimiz bitmadi. Hayron boʻldik, vaholanki, biz ishonchnoma olgan chogʻimizda u taʼqibda boʻlmagan, bu haqda MIB va viloyat IIB YXXBdan maʼlumotnoma ham berilgan edi.

Bizning oilamiz oldida yaxshigina muammo koʻndalang boʻladi. Boisi, kreditni undirishni qarzdorning mulkiga qaratgan MIB xodimi osongina yoʻldan borib, biz sotib olgan va ishonchnoma bilan boshqarib yurgan 80 X 671 RA raqamli “Spark”ni kim oshdi savdosiga chiqarishga qaror qiladi. Oʻrtada bankni va bizni aldagan Alisher Gʻiyosov jazo muddatini oʻtab uyiga qaytadi. Biroq, unga bank bilan hisob-kitobni joyiga qoʻyish va bizni tashvishdan ozod qilish haqidagi talablarimizga faqatgina vaʼda berish bilan kifoyalanmoqda.

Mana mazkur mashmasha boshlanganiga ham ikki yildan oʻtdi. Bosh ishonchnomada mashinani boshqarish, uni sotish huquqi berilgan oʻgʻlim Gʻiyosiddin Buxoro va Namangan oʻrtasida sarson-sargardon. Toʻgʻri, qonunga koʻra, kreditni undirish qarzdorning mulkiga qaratilishi belgilab qoʻyilgan. Biroq, mantiqiy jihatdan olib qaraganda, oʻsha mulkni biz sotib olganimiz va uning pulini toʻla hisob-kitob qilganimizga ham eʼtibor qaratilishi kerak emasmidi?!

Bankdan maʼlum qilishlaricha A. Gʻiyosovning “Neksiya -3” uchun olgan qarzi oʻz vaqtida toʻlanmaganligi uchun belgilangan ustamalar hisobiga hozirga kelib 133 million soʻmga yetibdi. Qarzdor uni qachon qaytaradiyu, biz muammodan qachon qutulamiz? Bankdagilarning “Neksiya-3”ni taqiq roʻyxatiga olishdagi masʼuliyatsizligi, bir insonning firibgarligi tufayli biz yemagan somsaga pul toʻlab qolaveramizmi?

Shu kunlarda mazkur masala yuzasidan sudga murojaat qilish harakatidamiz. Biroq, buning uchun yoʻl azobini tortib yana Buxoroga borishimiz, vaqtimizni yoʻqotishimiz kerak. Yana kim biladi, ishimiz bitadimi yoʻqmi. Bu murojaatni sizlarga odamlar oʻz huquqlarini chuqurroq bilishlari,biz kabi noinsof firibgarlarga aldanib qolmasliklari uchun yozishga qaror qildim.

Nasriddin GʻAFUROV,

mehnat faxriysi, Namangan viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер