Buxoroda “InnoWeek-2023” innovatsion gʻoyalar haftaligi davom etmoqda
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Kreativ taʼlim va innovatsiya – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostida “InnoWeek-2023” innovatsion gʻoyalar haftaligi oʻtkazilmoqda. Ushbu tadbir Buxoro viloyatida ham puxta taraddud koʻrilgan holda boshlandi.
— Haftalikning bosh maqsadi – xorijiy va milliy ekspertlar, tahlilchilar oʻrtasida Yangi Oʻzbekistondagi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasidagi islohotlar, ularning mohiyati, erishilgan yutuqlar va navbatdagi dolzarb vazifalar, mamlakatda vujudga kelayotgan mutlaqo yangi innovatsion rivojlanish sohasidagi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida fikr almashishdan iborat, ؙ— deydi respublika Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining viloyat hududiy boshqarmasi rahbari Azamat Naimov. — Haftalik “Yoshlar”, “Startaplar”, “Ilm-fan va tijoratlashtirish” va “Kreativ taʼlim” yoʻnalishlarida tashkil qilinmoqda.
Haftalik doirasidagi tadbirlarda viloyatning 100 dan ziyod yirik korxonalari, hududning ilgʻor koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari rahbarlari, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasi boʻyicha ekspertlar hamda Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, AQSH, Buyuk Britaniya kabi mamlakatlardan xorijiy ekspertlar jalb etilgan. Bir hafta davomida viloyatning har bir oliy taʼlim muassasasida “InnoWeek-2023” innovatsion mahsulotlar va ishlanmalar koʻrgazmasi boʻlib oʻtadi. Koʻrgazmada 50 dan ziyod innovatsion mahsulotlar va ilmiy ishlanmalar namoyish etilmoqda. Haftalik rang – barang dasturlari bilan koʻpchilik, xususan, talaba – yoshlarning eʼtiborini tortayapti. Deylik,“Yoshlar akademiyasi” forumi hamda innovatsion gʻoyalarga bagʻishlangan “Ideaton Uzbekistan-2030” tanlovi oʻgʻil-qizlarning ilm-fanga qiziqishini oshirish, ilm-fan va innovatsion faoliyatda ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.
Haftalikning dastlabki kunida Buxoro davlat universitetida oʻtkazilgan oliy taʼlim muassasasi hamda tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilgan ilmiy-innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasi ham koʻpchilikda iliq taassurot qoldirdi.
Innovatsion gʻoyalar haftaligi 20-oktabr kuni “InnoWeek-2023”da faol ishtirok etganlarni taqdirlash marosimi bilan oʻz yakuniga yetadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring