Buxoroda ilk bor “Markaziy Osiyo davlatlari forumi” o‘tkazildi

21:53 17 May 2023 Siyosat
1703 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Konrad Adenauer jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida Buxoro shahrida “Davlat idoralari faoliyati ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi” o‘tkazildi.

Ilk bor tashkil etilayotgan mazkur xalqaro anjuman ishtirokchilari safida  Markaziy Osiyo davlatlarining mas’ul davlat idoralari vakillari hamda xalqaro va nodavlat tashkilotlarning yetakchi ekspertlarini ko‘rish mumkin edi. 

Tadbirda Oliy Majlisi Senati Raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi T.Narboyeva onlayn tarzda kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.

Forumda dastlab xalqaro hamjamiyat e’tiboriga O‘zbekistonda davlat rahbarining tashabbusi bilan  davlat idoralari faoliyatining ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samarasiga bag‘ishlangan taqdimot havola etildi. 

Ta’kidlanganidek,   2021-2022 yillarda qabul qilingan 64 ta normativ-huquqiy hujjatda ochiqlikni ta’minlash hamda turli soha va yo‘nalishlarda shaffoflik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan 175 ta vazifa va topshiriq belgilab berildi.

Mazkur topshiriqlarning 47 tasi qonunchilikda amalda mavjud bo‘lgan tartib-taomillarni ochiqlik prinsiplari asosida takomillashtirishga  qaratilgan bo‘lsa, 94 tasi bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etish nazarda tutilgan.

Muhimi, tizimli islohotlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. Chunonchi, “Open data watch” tashkilotining “Ochiq ma’lumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida O‘zbekiston 2020 yilda 125 -o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022 yilga kelib, 40-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

   Darhaqiqat, davlat boshqaruviga ochiqlikni joriy etish, ma’lumotlarning oshkoralik va sifat darajasini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish sohasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan konseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi va “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar barcha toifadagi mansabdorlarning har bir xatti-harakatiga keng jamoatchilik hamda xalq ko‘zi bilan baho berish imkonini yaratdi.

Forumda ta’kidlanishicha, mazkur forumning aynan Buxoroda o‘tkazilayotgani bejiz emas.Tahlillar ko‘rsatmoqdagi, viloyat aholisi korrupsion holatlarga murosasizligi bilan ajralib turibdi. -Davlat organi faoliyatining ochiqligi nima uchun kerak? Bu davlat organiga nima beradi?, degan savollar tug‘ilishi tabiiy, - dedi forumda so‘z olgan Buxoro viloyat hokimi B. Zaripov. - Davlat organining ochiqligi, avvalambor, hisobdorlik uchun kerak. Ya’ni xalq davlat organiga emas, balki davlat organi xalqqa xizmat qilishi kerak degan tamoyilni to‘laqonli amalga oshirish uchun zarur. Odamlar u yoki bu tashkilot nima ish qilayotganini, uning faoliyati samaradorligini bilib turishi kerak.

Qolaversa, hech qaysi idora o‘z xodimlarini to‘liq nazorat qila olmaydi. Bunga resurs ham, vaqt ham yetmaydi. Shu sababli muammoning yechimi sifatida jamoatchilik nazorati va zamonaviy axborot texnologiyalari qo‘llanilishi lozim. Ya’ni har bir xodim, o‘zining faoliyati to‘liq jamoatchilik nazoratida ekanligini, aytilgan har bir gapi, harakati minglab nigohlar kuzatuvida ekanligini his qilsa, u o‘z o‘zidan noqonuniy harakatlar haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.

Shu o‘rinda Buxoro viloyati hokimligi tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalish o‘rinli.

Ochiqlik sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida xalq deputatlari viloyat Kengashida Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiya ish olib bormoqda.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish Agentligi tomonidan Farmon bilan tasdiqlangan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar viloyat hokimligining rasmiy veb-saytida o‘z vaqtida yoritilib  borilmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF-6247-sonli Farmoniga muvofiq, 2021 yilning 1 dekabridan boshlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari telekanallar, shuningdek, Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatilishi majburiy etib belgilandi.

Shundan kelib chiqib, xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyalarini “Buxoro” telekanali, shuningdek, viloyat hokimligining ijtimoiy tarmoqlardagi resurslari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish amaliyoti tizimli yo‘lga qo‘yildi. Mazkur sessiyalarning jonli translyasiya qilinishi fuqarolarning huquqiy xabardorlik darajasini oshirishga va muhokama qilinayotgan masalalarning mazmuni bilan bevosita tanishishga xizmat qilmoqda.

Ammo tan olib aytishimiz kerakki, ochiqlikni ta’minlash borasida qilinishi lozim bo‘lgan ishlarimiz hali talaygina. Albatta, bu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar yetarli.

-Mazkur forum ham jamiyat va davlat hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masala – davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi tajribalarni o‘rganish, mavjud muammolarni muhokama qilish hamda barcha uchun birdek muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilish uchun foydali maydon vazifasini o‘taydi, degan umiddaman, - dedi pirovardida viloyat rahbari. Forum o‘z ishini “Davlat idoralari faoliyati ochiqligining korrupsiyaga qarshi kurashdagi roli”, “Ochiq ma’lumotlar ekotizimini yaratishning dolzarb masalalari”, “Ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik mexanizmlari” kabi sessiyalardagi muhokamalar bilan davom ettirdi.Forumda Markaziy Osiyo davlatlari vakillaridan tashqari, Fransiya, Germaniya, Sloveniya kabi davlatlar vakillari ham ishtirok etib, o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar.

Muloqotlar mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda ochiqlikni ta’minlashga doir samarali siyosatni ishlab chiqish, ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar natijadorligini baholash va sifatini oshirish masalalarida ham o‘zaro fikr almashildi.  

Forum doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishga tushiriladigan yana bir muhim loyiha --  “Open Data” elektron platformasining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur platforma davlat organlari va  tashkilotlarida ochiqlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarning salohiyatini oshirish borasidagi tizimli ishlarni yanada takomillashtirish maqsadida  ishlab chiqilgan bo‘lib, u xodimlarga ish joyidan ajralmagan holda onlayn o‘qish imkonini beradi. 

Platformada har bir o‘quv moduli yakunida tinglovchining bilimi test va boshqa interaktiv usullar yordamida sinovdan o‘tkazish, to‘plagan ballar asosida ularning reytingini yuritish va yuqori natijaga erishganlarni moddiy rag‘batlantirish tizimini joriy etilgan.

Forum yakunlari bo‘yicha “Davlat idoralari faoliyati ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi” tavsiyalari qabul qilindi.

 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер