Buxoroda ilk bor “JOB&EDU FEST” tadbiri oʻtkazildi

12:38 07 Iyun 2024 Jamiyat
273 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Dastavval “JOB&EDU FEST” iborasiga oydinlik kiritsak. U IT sohasiga qiziquvchi yoshlarga tizimda muvaffaqiyatli taʼlim olish hamda ish oʻrni topishga yoʻnaltiruvchi mehnat va taʼlim yarmarkasidir. Raqamli texnologiyalar vazirligining Raqamli taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan respublikamiz viloyatlari orasida birinchi boʻlib Buxoroda xuddi shunday yarmarka oʻtkazildi.

Unda IT-taʼlim xizmatlarini taqdim etuvchi oliy oʻquv yurtlari, taʼlim markazlari, mahalliy va xalqaro IT korxonalari oʻzlaridagi imkoniyatlar haqida maʼlumot berishdi. Yarmarka doirasida “UzGeeks Buxoro meetup” tadbiri ham tashkil etildi. Unda buxorolik mahoratli IT mutaxassislari oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Darvoqe, tadbir qatnashchilari qatorida yurtimizdan yetishib chiqib, xorijdagi xalqaro kompaniyalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Saidravshan Shakirov, Lazizbek Ergashev, aka-uka Sirojiddin va Salohiddin Yoqubov kabi tajribali mutaxassislarni ham koʻrish mumkin edi. Ularning dasturlash, umuman, zamonaviy axborot texnologiyalarga doir mahorat saboqlari shu sohada karyera qilmoq niyatidagi yoshlar uchun foydali boʻldi, albatta.

— Butun dunyoda, jumladan mamlakatimizda ham IT sohasi mutaxassislariga boʻlgan talab oshib borayotgani kuzatilmoqda, — deydi markaz rahbari Shuhrat Sattorov. — Soha zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalangan holda yuqori samaradorlikka erishish, bandlik masalasini hal etish, farovon hayot kechirish nuqtayi nazaridan ham jozibadordir. Statistika agentligi keltirgan maʼlumotlarga koʻra, IT yoʻnalishida faoliyat olib boruvchi mutaxassislarning oʻrtacha daromadi Toshkent shahrida 16,2 million, hududlarda esa 7,2 million soʻmni tashkil etmoqda. Ushbu serdaromad sohaga yoʻnaltirilgan va ish bilan taʼminlangan yoshlar soni 2023-yilning noyabr holatiga koʻra, 22 ming 926 nafarni tashkil etdi.

Markaz mutaxassislari yana bir dalilga eʼtiborni qaratishdi. Ayni vaqtda respublikamizda 400 ga yaqin taʼlim markazlari mavjud. Ularda 51 ming nafar yigit-qiz tahsil olmoqda. Xususiy IT taʼlim markazlarini qoʻllab-quvvatlash orqali 2030-yilgacha bunday maskanlar sonini mingtaga, ulardagi oʻquvchilar sonini esa 108 ming nafarga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Yarmarka shu maqsadga erishish yoʻlida oʻziga xos pillapoya vazifasini oʻtaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер