Buxoroda ilk bor faoliyati yoʻlga qoʻyilgan innovatsion bogʻcha qay jihati bilan eʼtiborga molik?
Buxoro shahrida “RobotsAndKids” deb nomlangan ilk innovatsion bolalar bogʻchasi ish boshladi. Oʻz bilim va tajribasini yoshlar bilan baham koʻrib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizdan biri Navroʻz Ergashev shu loyiha tashabbuskori boʻldi.
— Shu inson saʼy-harakati bilan 2019-yilda viloyatimizda birinchi robotexnika oʻquv markazi tashkil etilib, mintaqamizda zamonaviy texnologiyalar asosida taʼlim berishning yangi bosqichi boshlangan edi, — deydi Innovatsion rivojlanish agentligi viloyat boʻlinmasi bosh mutaxassisi Ikrom Murodov. — Markazda bolajonlar uchun uch yoshdan boshlab “Kichkina donolar” nomli maxsus kurs ochildi. Kuzatishlar koʻrsatdiki, unda qatnashgan bolalarimizning mantiqiy fikrlash imkoniyati, oʻqish va yozish qobiliyati, bilim olishga ishtiyoqi sezilarli darajada oshdi. Aynan shu tajriba mamlakatimizda ilk bor robotexnikaga asoslangan innovatsion bolalar bogʻchasini tashkil etishda qoʻl keldi.
Mazkur muassasa 50 oʻringa moʻljallangan boʻlib, 20 ta ish oʻrni yaratilgan. Bolajonlarga uch yoshdan boshlab 11 ta fan boʻyicha taʼlim beriladi. Bunda mualliflik asosida ishlab chiqilgan zamonaviy metodikadan foydalaniladi. Jajji oʻgʻil-qizlar oʻqish va yozish, tanqidiy va mantiqiy fikrlash, robotexnika va muhandislikning boshlangʻich asoslari, arxitektura va dizayn, gimnastika va jismoniy rivojlanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻladilar. Har bir bolaning ruhiy holati va individual rivoji malakali psixologlar eʼtiborida turadi. Asosiy maqsad esa kelajak muhandislari, ixtirochilari, liderlarini maktabgacha yoshdan boshlab tarbiyalashdan iborat.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring