Buxoroda IIB tizimida qator mansabdor shaxslar vazifasidan ozod etildi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Buxoro viloyatida oʻtkazilgan oʻrganishlar yakuni boʻyicha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov, viloyat hokimi Oʻ.Barnoyev, viloyat va shahar-tuman sektor rahbarlari, jumladan, ichki ishlar, prokuratura, soliq, shuningdek, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi uchun masʼul boʻlgan barcha davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yigʻilishda asosiy eʼtibor 2019-yil davomida va joriy yilning oʻtgan davrida viloyatda jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash borasida hamkorlikda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligiga qaratilib, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va fuqarolarning mol-mulklarini ishonchli muhofazalash, yoshlar ishtirokidagi huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻlga qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi.
Jumladan, oʻtgan yil davomida viloyatda sodir etilgan jinoyatlar soni 8,5 foizga, shu jumladan, qotillik 31,6 foizga, ogʻir tan jarohati yetkazish 15,9 foizga, bosqinchilik 50 foizga, oʻgʻirlik 28,3 foizga, firibgarlik 10,4 foizga kamayishiga erishilgan.
Muhokamalar jarayonida jamiyatda jinoyatdan xoli muhit yaratish borasida keng jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilgan saʼy- harakatlar bois, viloyatning 179 ta mahallasida jinoyatlar sodir etilmaganligi, 170 ta mahallada esa, jinoyatlar koʻrsatkichining kamayishiga erishilganligi eʼtirof etildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida oʻtgan yilda Buxoro viloyatida xotin-qizlar bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish borasida yaratilgan yangi tizim - “Buxoro tajribasi” asosida, joylardagi xotin-qizlar qoʻmitalari aʼzolari, mahalla faollari, ayollar bilan ish olib boruvchi profilaktika inspektorlari, mutaxassis-psixologlarning oʻzaro hamkorligi ijobiy samara berayotganligi alohida taʼkidlandi.
Kelgusida bu boradagi ishlarni yana-da kuchaytirish hamda ayollar huquqbuzarligi va ajrimlarning oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni yana-da kuchaytirish lozimligi koʻrsatib oʻtildi. Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish maqsadida viloyatda himoya orderlarini yuritish, bu borada ichki ishlar organlari va xotin-qizlar qoʻmitasi oʻrtasida oʻzaro maʼlumotlar almashinuvi tizimini yaratish boʻyicha Ichki ishlar vazirining buyrugʻini tayyorlash belgilandi.
Ishchi guruh oʻrganishlari natijasidan kelib chiqqan holda, viloyatning Gʻijduvon tumanida ayollarga huquqiy yordam koʻrsatish, ular bilan tizimli ishlarni tashkil etish maqsadida tumandagi 4 ta Ichki ishlar boʻlimining har biriga ichki imkoniyatlar hisobidan qoʻshimcha xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor lavozimlarini joriy etish boʻyicha taklif kiritildi.
Yoshlar ishtirokida sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar tahlildan kelib chiqqan holda, viloyatda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da kuchaytirish, “Buxoro viloyatining yoshlar bilan ishlash” tajribasini namuna sifatida amalga oshirish, bu jarayonlarga ichki ishlar organlari tizimlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarni ham keng jalb etish taklif etildi.
Tanqidiy-tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilish davomida, viloyatning ayrim hududlarida ichki ishlar organlarining boshqa huquq-tartibot idoralari va keng jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorlikda, huquqbuzarliklarni oldini olish borasida aniq yondashuv asosida tizimli ish olib borilmaganligi keskin tanqid qilindi.
Xususan, viloyatning 109 ta mahallasida jinoyatchilik koʻrsatkichi oʻtgan yilga nisbatan oshganligi, jinoyatchilik salmogʻi “Ashrafiy”, “Shayhon”, “S.Ayniy”, “Rabotiqalmoq”, “Sharq”, “Pomoʻza”, “Afrosiyob”, “Zarafshon” va “Doʻstlik” mahallalarida ayniqsa yuqori ekanligiga eʼtibor qaratilib, ushbu hududlar boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqish belgilandi.
Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilinib, xususan, Qorakoʻl tumanida qotillik, tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, oʻgʻirlik, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari, bezorilik kabi jinoyatlar soni oshganligi, Gʻijduvon, Buxoro, Qorakoʻl, Jondor va Peshkoʻ tumanlarida yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni oʻtgan davrga nisbatan koʻpayganligi taʼkidlanib, bu borada hamkorlikdagi kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda xizmatni tashkil etishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygan Qorakoʻl tumani IIB boshligʻi O.Qurbonov, Buxoro viloyati IIB probatsiya boʻlimi boshligʻi B.Asadov, Buxoro tumani IIB boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sh.Gadoyev, Peshkoʻ tumani IIB boshligʻininig yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.Salixov, Qorakoʻl tumani IIB tergov boʻlinmasi boshligʻi F.Norov hamda 6 nafar profilaktika inspektorlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Buxoro viloyati IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshligʻi J.Boltayev, Buxoro tumani IIB boshligʻining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari M.Mustafoyev, Buxoro viloyati IIB 1-sonli jazoni ijro etish koloniyasi boshligʻining tarbiyaviy ishlar boʻyicha oʻrinbosari T.Abdullayevlarning har biriga intizomiy jazo choralari berildi.
Uchrashuv yakunida soʻz olgan viloyat hokimi Oʻktam Barnoyev yigʻilishda taʼkidlangan kamchiliklar yuzasidan fikr bildirib, kelgusida ushbu yoʻnalishdagi ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha yoʻl xaritalarni ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
IIV Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring