Buxoroda harbiy shaharchalar barpo etildi
Foto: Халқ сўзи
Mamlakatimizning eng chekka goʻshalaridan sanalgan Olot tumani hududida qisqa muddat ichida moʻjaz shaharcha barpo etildi. Namunaviy loyiha asosida qurilgan 23 ta turar-joy va 25 oʻrinli bolalar bogʻchasidan iborat bu maskan DXX Chegara qoʻshinlariga qarashli chegarani qoʻriqlash vzvodi harbiy xizmatchilari va ularning oilalari koʻngliga bir olam quvonch olib kirdi.
Bu yerdagi bunyodkorlik ishlariga Buxoro viloyat harbiy-maʼmuriy sektorini rivojlantirish jamgʻarmasidan salkam 10 milliard soʻm mablagʻ sarflandi. Yangi xizmat uylarida Vatan himoyachilari oilalarining yashashlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

Qoʻshni Qorakoʻl tumani hududi xaritasida ham chegaralarimiz daxlsizligini himoya qilib kelayotgan harbiy xizmatchilar uchun 14 ta uy va 25 oʻrinli bogʻchadan iborat shinamgina goʻsha paydo boʻldi. Aholi yashash maskanlaridan olisda joylashgan bu kichik shaharchada zamonaviy qulayliklar qatorida sport maydonchasi ham barpo etilgan.
Bularning barchasi davlatimiz tomonidan harbiy xizmatchilarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik natijasi, albatta. Zero, yaratilgan qulayliklar Vatan himoyachilarining oʻz xizmat burchlarini yuksak darajada oʻtashlari uchun xizmat qiladi. Har ikkala moʻjaz shaharchaning tantanali ochilish marosimida soʻz olganlar ana shuni alohida taʼkidladilar.

Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, harbiy xizmatchilar ishtirokida oʻtgan tadbirlarda Buxoro viloyat hokimi, viloyat harbiy-maʼmuriy sektor rahbari B. Zaripov qatnashdi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring