Buxoro viloyatida umumtaʼlim maktablarida inklyuziv taʼlim tizimi joriy etilmoqda
Taʼlim va sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash, jumladan, oʻgʻil-qizlarning teng shart-sharoitlarda taʼlim olishiga erishishni maqsad qilgan “Ishonch” jamgʻarmasi Buxoro viloyatida bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, “Ishonch–2030” loyihasi doirasida Romitan tumani, Kogon va Buxoro shaharlaridagi 1-, 3- va 45-sonli umumtaʼlim maktablarida inklyuziv taʼlim tizimi joriy etildi.
YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, “Ishonch” jamgʻarmasi boshqaruv qoʻmitasi aʼzolari, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar vakillari viloyatga tashrif buyurib, mazkur taʼlim muassasalarida amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.

— Maktabimizda hozirda 8 nafar bola inklyuziv taʼlimga jalb etilgan, — deydi Romitan tumanidagi 1-sonli umumtaʼlim maktabi direktori Shohista Musoyeva. — Jamgʻarma koʻmagida ularning erkin va qulay muhitda taʼlim olishi, nazariy bilimlarini amaliyotda qoʻllashi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Inklyuziv taʼlim sinfi va maxsus laboratoriya shular jumlasidandir. Bu imkoniyatlardan alohida taʼlim ehtiyoji boʻlgan oʻquvchilarning ota-onalari ham mamnun.
Tashrif doirasida mehmonlar viloyat pedagogik mahorat markazida ham boʻlib, bu yerda “Yuqori sifatli va inklyuziv taʼlim natijalariga erishishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli taʼlimdan foydalanish” mavzusida anjuman oʻtkazildi. Tadbirda taʼkidlanganidek, ayni paytda viloyatdagi 130 ta maktabda inklyuziv taʼlim muhiti yaratilgan. Toʻplangan tajriba asosida kelgusida barcha maktablarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli taʼlim vositalari orqali inklyuziv taʼlimni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring