Buxoro viloyati pillakorlariga tasanno!
Pilla yetishtirishda boy tajribaga ega buxorolik “kumush tola” ijodkorlari pandemiya sharoitida karantin qoidalariga amal qilgan holda ishlab, moʻl hosil yetishtirishga muvaffaq boʻldilar. Shu paytgacha qabul punktlariga 1 ming 648 tonna pilla topshirilib, koʻzlangan marra zabt etildi.
Bu yutuqning qadr – qimmati oʻzgacha.Bilasiz, shu yilning 27-aprelida roʻy bergan tabiiy ofatdan qishloq xoʻjaligi, jumladan tutzorlar ham zarar koʻrdi. Birgina Olot tumanida 253 gektar tutzorga ziyon yetdi.Ammo shunday murakkab vaziyatda omilkorlik bilan ish tutish, ilgʻor usullarga tayanish, pillachilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash oʻz natijasini berdi.Muvaffaqiyatga ayniqsa, Gʻijduvon, Jondor, Vobkent tumani pillachilarining qoʻshgan hissalari salmoqli boʻldi.
Yilning dastlabki hosili sifatida qadrlanadigan pilla xom ashyosi viloyatdagi «Buxoro brilliant silk», «Romtar», “Kumushkent ipagi” korxonalarida qayta ishlanmoqda. Uning asosiy qismi odatdagidek, xorijga eksport qilinadi.
Viloyatda esa pilla topshirish davom etyapti. Shuningdek, ipak qurti parvarishi ikkinchi mavsumi ham boshlab yuborildi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring