Buxoro viloyati aholi bandligi taʼminlangan hududga aylanadi
Foto: “Xalq soʻzi”
Davlatimiz rahbarining “2023 – 2025-yillarda Buxoro viloyatida paxta – toʻqimachilik va gʻallachilik klasterlari hamda kasanachilikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora – tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bandlik dasturi, ishsiz fuqarolarni kasbga oʻqitish, ishsizlik darajasini qisqartirish, aholi muammolarini hal etish kabi yoʻnalishlardagi ishlar tahlili nimalarni koʻrsatmoqda? Tizimda oʻz yechimini kutayotgan qanday masalalar bor?

— Prezidentimizning mazkur qaroriga asosan Buxoro viloyatini aholisi ish bilan toʻliq taʼminlangan hududga aylantirish yuzasidan keng qamrovli ishlar bajarilmoqda, — deydi viloyat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshligʻi Anvar Hamroyev. — Bu borada asosiy vazifa va yoʻnalishlarni belgilab olganmiz. Chunonchi, joriy yilda 250 ming nafar kishini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ishlar bilan band qilish boʻyicha tuman va shaharlar kesimida reja-grafik tasdiqlangan. Amalda esa joriy yilning yanvar-sentyabr oylari davomida 345,2 ming nafar aholining bandligi taʼminlandi. Bu yillik rejaning 138,1 foizini tashkil etadi.
Mazkur boshqarma tomonidan jurnalistlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida taʼkidlanishicha, 119,1 ming kishi doimiy, 21,9 ming fuqaro legallashtirish hisobiga foydali ijtimoiy mehnatga jalb qilingan. 204, 1 ming nafar yurtdoshimiz esa mavsumiy ishlar hisobidan qoʻshimcha daromad manbaiga ega boʻlgan.

— Ochigʻi, ilgari sayyor qabullarda qatnashganimizda u yoki bu fuqaro ishga joylashish yuzasidan murojaat qilsa masalani ijobiy hal etib boʻlarmikan, degan hadik boʻlardi, — deydi samimiy ruhda kechgan muloqotda A. Hamroyev. — Endilikda esa ahvol batamom oʻzgardi. Mehnat qilish istagida boʻlgan har bir fuqaro uchun ish taklif qila olamiz. Ishlayman, halol mehnat orqali turmush sharoitimni yaxshilayman, degan aholi vakili uchun eshigimiz doimo ochiq . Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bizga ana shunday imkoniyatni berdi.
Tadbirda qurilish, fermer xoʻjaliklari kabi yoʻnalishlarda ishlovchilarni legallashtirish, ishsizlarni kasbga oʻqitish, nafaqat yurtimiz, balki xorijiy davlatlarda ham ular bandligini taʼminlash masalalari haqida ham atroflicha soʻz bordi. Chunonchi, respublikamizda birinchi boʻlib fuqarolarni rasmiy tarzda Germaniyaga ishga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi va Germaniyaning “NoVoAgency” kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatilgan. Kelishuvga koʻra, olmon yurti tibbiyot muassasalarida ishlash istagini bildirgan bir guruh oʻrta boʻgʻin tibbiyot xodimlari oʻqitilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab masalalarga oydinlik kiritib oldilar. “Ishga marhamat” monomarkazi hududida boshqarma jamoasi va OAV xodimlari tomonidan mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazilib, moʻjazgina bogʻ barpo etildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring