Buxoro va Jizzax viloyatlaridagi oʻrganish natijalari Qoʻmita majlisida muhokama qilindi

14:58 13 Oktyabr 2023 Jamiyat
362 0

Joriy yilning 12 oktyabr kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari qoʻmitasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Majlisda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tomonidan Buxoro viloyatida xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, Jizzax viloyatida esa ayollar bandligini taʼminlash  samaradorligini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar holatini oʻrganish yakunlari qizgʻin muhokama qilindi. 

Dastlab Buxoro viloyatidagi oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, joriy yilning 8 oyi davomida Buxoro viloyati boʻyicha 62,8 ming xotin-qizlar onkologik skrining tekshiruvidan oʻtkazilgan. Malakali shifokorlardan tashkil topgan 95 ta tibbiyot avtobusi orqali viloyatning barcha hududlari, jumladan, chekka va olis hududlarda joylashgan mahallalarda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar, shu jumladan, xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.

Xususan, viloyat boʻyicha 10 mingdan ziyod nuroniy onaxonlar chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularning 311 nafari zarur dori-darmonlar, oziq-ovqat, poyabzal bilan taʼminlangan. 370 nafariga sanatoriylarda davolanish tashkil etilib, 599 nafariga reabilitatsiya vositalari taqdim etilgan.

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda bir qator xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi ham aytib oʻtildi. 

Ayrim tuman va shaharlarda homilador va bola emizuvchi ayollarni yod preparati bilan taʼminlash ishlari talab darajasida emas. Xususan, Qorovulbozor tumanida belgilangan reja 20 foizga, Kogon shahrida 32 foizga, Romitan tumanida 50 foizga bajarilgan.

“Ayollar daftari”dagi ishsiz xotin-qizlar bandligini taʼminlash jihatdan oʻrganilganda 2023-yilning oʻtgan 8 oy davrida bandlik boʻlimlarining oʻrni pastligicha qolmoqda.

Xususan, ishsiz 26 369 nafar xotin-qizlardan atigi 2050 nafari (9 foizi) bandlik boʻlimlari tomonidan ishga joylashtirilgan. Joriy yilning 1-sentyabr holatiga Xotin-qizlar tadbirkorlik markazini tugatgan 3522 nafar ayolning 25 foizi (894 nafari) bandligi taʼminlangan.

Shundan soʻng Jizzax viloyatida ayollarni ish bilan taʼminlash, ishsiz xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish, ularni tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, viloyatda joriy yilning 8 oyi davomida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlariga ish soʻrab murojaat qilgan va roʻyxatga olingan xotin-qizlar soni 15 958 nafarni tashkil etdi. Ulardan 8 624 nafari ishga joylashtirildi, 4675 nafari kasbga oʻqishga yuborildi, yana 2556 nafar xotin-qiz jamoat ishlariga jalb etildi hamda 103 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi. 
2023-yilning 8 oy davomida xorijiy davlatlardan qaytgan 3 409 nafar xotin-qizning 1 954 nafari bandligi taʼminlandi. Shundan  375 nafari  kasb-hunarga oʻqitildi, 363 nafariga oʻzini-oʻzi band qilishda koʻmaklashildi hamda 1 088 nafari oʻzi mustaqil va norasmiy sektorda ish bilan band boʻldi.

Shuningdek, 14 742 nafar xotin-qizga hududiy tijorat banklari tomonidan “Har bir oila tadbirkor” davlat dasturi doirasida 185,6 mlrd. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.

Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga bir qator xato va kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilayotganligi aytib oʻtildi. 

Viloyat boʻyicha oʻtkazilgan 102 ta mehnat yarmarkasida 2 021 ta korxona tomonidan 11 505 ta boʻsh ish oʻrni taklif etilgan. Amalda mazkur boʻsh ish oʻrinlariga 2353 nafar fuqaro (963 nafar ayol) ishga joylashtirilgan boʻlib, boʻsh ish oʻrinlaridan bor-yoʻgʻi 20 foizidan unumli foydalanilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boʻlimlari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan ishsiz xotin-qizlarni doimiy ishga joylashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlar ulushi juda past darajada qolmoqda.

Har ikki viloyatda olib borilgan oʻrganish natijalarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unda belgilangan belgilangan vazifalar va topshiriqlarni oʻz vaqtida, puxta va sifatli bajarish yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlariga ayollarni ish bilan taʼminlash, ishsiz xotin-qizlarni mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish ishlarini monitoring qilib borish, bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar ustidan qatʼiy deputatlik soʻrovi nazoratini oʻrnatish, yuzaga kelgan muammolar yuzasidan deputatlik amaliyotidan keng foydalanish orqali hal etish choralarini koʻrish, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish borasida tavsiyalar berildi.

Muhokama yakunlari boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер