Buxoro Sharja bilan birodarlashadi

16:35 27 Yanvar 2023 Jamiyat
574 0

Foto: Xalq so‘zi

Buxoro shu kunga qadar dunyoning Kordova (Ispaniya), Santa–Fe (AQSH), Bonn (Germaniya), Ryuyey –Malmezon (Fransiya), Malatiya (Turkiya) kabi qator shaharlari bilan birodarlashgan. Endi ular safiga Birlashgan Arab Amirliklarining Sharjasi ham qoʻshilishi kutilmoqda.

Kuni kecha Buxoro viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi, shahar hokimligi masʼullari bilan Sharja shahri administratsiyasi vakillari oʻrtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi. Unda ikki shahar oʻrtasidagi birodarlashuv bilan bogʻliq memorandum yuzasidan oʻzaro fikrlashib olindi. Bu memorandum turizm, innovatsiya, iqtisodiyotga xorijiy sarmoyani jalb etish kabi yoʻnalishlarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi. Shuningdek, har ikki shahardagi oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari haqida soʻz bordi.

Aytish joizki, joriy yilning fevralida Sharja shahri delegatsiyasining Buxoroga tashrifi va shu safar asnosida birodarlashuv memorandumini imzolash marosimi tashkil etilishi kutilmoqda.

Shu oʻrinda Sharjaga oid bir - ikki dalilga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Sharja amirligi aholisining soni va maydoni jihatidan BAA da uchinchi oʻrinda turadi. Bu yerda bir necha iqtisodiy zona va oʻttizga yaqin sanoat hududi mavjud. Oliy taʼlim muassasalari soni esa yigirmadan ziyoddir.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер