Buxoro shahrida “Yevropa kino kunlari” boʻlib oʻtmoqda
Foto: Xalq soʻzi
Tadbir “Ipak yoʻli durdonasi “ XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashkil etildi.
— Yevropa kinofestivali — kino sanʼati muxlislari uzoq kutgan voqea,— deydi tadbirning “Buxoro” kinoteatridagi ochilish marosimida ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian.—Anjuman madaniyatlarni birlashtirish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Festival dasturidan Yevropaning sovrindor, koʻpchilikning qalbini zabt etgan filmlar oʻrin olgan. Ularda koʻtarilgan global masalalar Oʻzbekiston uchun ham begona emas. Bugungi tadbirning koʻhna Buxoroda oʻtkazilayotgani, tomoshabinlarning aksariyati yoshlar ekani ham kishini quvontiradi.
Uch kun davom etishi koʻzda tutilgan kino kunlarida tomoshabinlar eʼtiboriga Fransiya, Belgiya, Germaniya, Portugaliya kabi Yevropa davlatlari ijodkorlari tomonidan yaratilgan kartinalar tekin namoyish etilyapti. “Menga turmushga chiq”, “Mening oʻylarim sokin”, “Sanremo”, “Lussu” kabi filmlar shular jumlasidan. Bu kartinalarda insonning oʻzligini anglash yoʻlidagi quvonch va iztiroblari, hayotning achchiq haqiqatlari, oila qadr – qimmati kabi mavzular oʻziga xos yoʻsinda yoritib berilgan.
— “Yevropa kino kunlari” madaniy hayotimizdagi katta voqeadir,— deydi “Oʻzbekkino”ning Buxoro viloyat boʻlimi rahbari Ali Choriyev.— U tomoshabinlarimizga “koʻhna qitʼa”ning taniqli kinoijodkorlari tomonidan yaratilgan asarlar bilan tanishish imkonini bermoqda. Bundan tashqari, festival Buxoroning turistik salohiyatini dunyoga koʻz-koʻz etish nuqtayi nazaridan ham ahamiyatlidir. “Ipak yoʻli durdonasi “ XV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida koʻplab davlatlarning taniqli rejissyorlari, operatorlari Buxoroga kelib, qadimiy shahrimizning diqqatga molik joylari bilan tanishyaptilar. Masalan, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi kinoijodkorlari ayni damda shahrimizda boʻlib turishibdi. Ular boʻlgʻusi kinoasarlarni suratga olish uchun joy tanlashyapti. Binobarin, bu sohadagi hamkorlik aloqalari yanada kengayadi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring