“Buxoro — dunyo poytaxti”

16:07 12 Mart 2018 Jamiyat
2729 0

Rossiya yahudiylar kongressi delegatsiyasi Buxoro shahriga tashrif buyurdi. E’tiborlisi, ellikka yaqin mehmon orasida mazkur kongress a’zosi, o’zining “Mo’’jizalar maydoni” ko’rsatuvi bilan tanilgan mashhur teleboshlovchi Leonid Yakubovich ham bor.

Delegatsiya a’zolari shahardagi viloyat yoshlar markaziga tashrif buyurdi. Bu maskanda qachonlardir Vladimir Visotskiy kontsert bergan. Shu erning o’zida mehmonlar Buxoro shahar hokimi Karim Kamolov bilan uchrashdi.

Muloqot chog’ida mehmonlarga Buxoro, uning tarixiy boyliklari, mazkur hududni dunyo turizm markazlaridan biriga aylantirish rejalari haqida ma’lumot berildi. Ayni chog’da bu zaminda asrlar davomida minglab yahudiylar boshqa millatlar bilan ahil-inoq yashab kelayotgani, elkama-elka mehnat qilayotgani haqida so’zlab berildi.

Rossiya yahudiylar kongressi rahbari Yuriy Kanner o’z navbatida Buxoroda sayyohlik sohasida qilingan ishlarga yuqori baho berib, uni “dunyo poytaxti” deb atadi. 

— O’zbekistonda urf-odatlar va an’analarni asrab-avaylashga alohida e’tibor berilayotgani yoqimlidir. Xalqlarimiz o’rtasida umumiy jihatlar juda ko’p, — dedi Yu. Kanner. — Bu bizning ko’p asrlik do’stligimizga asos bo’lgani aniq. Shubhasiz, Buxoroda hamon yahudiylar jamoasi yashab kelayotgani va ikkita sinagog, shuningdek, 200dan ortiq bolalar ta’lim olayotgan maktab faoliyat yuritib kelayotgani odamni quvontiradi. 

— Inson qanday e’tiqod egasi bo’lishidan qat’i nazar, unda doim e’tiqod mavjud bo’lishi muhim, — dedi Vladimir Visotskiy kuylagan sahnaga ko’tarilgan Leonid Yakubovich. — Buxoroda ancha oldin bo’lgandim va shahringizda meni hayratga solgan jihat shu bo’ldiki, yuz, ming yillar ilgari qad rostlagan yodgorliklar qiyofasi qanday bo’lsa, shundayligicha – asilligicha turibdi. Ishonchim komilki, bu sizning qalblar va yuraklarni mash’ala kabi yorituvchi e’tiqodingiz sharofatidandir.

O’zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi matbuot xizmati xabariga ko’ra, delegatsiya tashrifi davom etmoqda.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер