Bugungi yoshlari albatta gazeta oʻqishi kerak

17:11 09 Fevral 2024 Jamiyat
632 0

Bugun mamlakatimizda dunyoda kechayotgan turfa jarayonlarni teran nigoh bilan kuzata oladigan, keng bilim va dunyoqarash hamda hayotiy pozitsiyaga ega barkamol avlod taʼlim-tarbiyasi eng ustuvor vazifalarimiz sirasiga kiradi. Ayni jarayondagi ezgu tashabbuslar esa kelajagimiz vorislarini har jihatdan yuksak maʼnaviyatli, maʼrifatli boʻlib ulgʻayishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Fargʻona viloyati musiqali drama teatrida Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ochiq muloqot “Yurt taraqqiyoti yoʻlida birlashaylik!» deb nomlandi. Unda viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari talabalari, madaniyat, sport, turizm hamda Yoshlar agentligi tizimida samarali faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislar hamda faol yoshlar vakillari qatnashdi.

Shuningdek, tadbirda yurtimizning taniqli ijodkorlari, ziyolilar, turli sohalarda ulkan yutuqlarni qoʻlga kiritib kelayotgan yigit-qizlar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida Oʻzbekiston davlat satira teatri ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Qalbim sohili” spektakli namoyish etildi. Shundan soʻng kasaba uyushmalari faoliyati, yoshlarga oid davlat siyosati, jadidlar, maʼnaviyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mavzusida viktorina oʻyinlari oʻtkazildi. Savollarga tez va toʻgʻri javob bergan 20 nafar gʻolibga “Xalq soʻzi” gazetasiga 2024-yil uchun bepul obuna sertifikati, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi hamda Madaniyat, sport va turizm xodimlari kasaba uyushmasi Fargʻona viloyati birlashgan qoʻmitasining qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.

— Tengdoshlarimiz internet tarmogʻi orqali rang-barang mavzularda axborot olish imkoniga ega, — deydi Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filiali talabasi Zarina Joʻraqoʻziyeva. — Ammo aniq manbaga ega, ishonchli va toʻgʻri axborot olishda davriy bosma nashrlarning oʻrni beqiyos. Shu bois bugungi yoshlar albatta gazeta oʻqishi kerak. “Xalq soʻzi” gazetasi esa yurtimizdagi siyosiy-ijtimoiy, parlament hayoti, iqtisodiy, maʼnaviy islohotlarni keng targʻib etishda hamisha faol. Bugun joriy yil davomida ushbu gazetani mutolaa qilish imkonini beruvchi sertifikatga ega boʻlganimdan behad mamnunman.

Taʼkidlash joiz, Fargʻona viloyati hokimligi hamda Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati Kengashi bundan buyon muntazam ravishda viloyat yoshlari bilan ochiq muloqotlar oʻtkazib borishga kelishib oldi. Uchrashuvlar doirasida milliy qadriyatlarimizni targʻib etuvchi spektakllar namoyish qilish, dolzarb mavzularda davra suhbatlari oʻtkazish va shu orqali navqiron avlod qalbida elparvarlik, Vatanga sadoqat tuygʻularini tarbiyalash maqsad qilingan.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер