Senatning yalpi majlisida 16 ta masala koʻrib chiqiladi
Avval xabar berilganidek, 2020-yilning 7-avgust kuni Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisi videokonferensaloqa shaklida oʻtkaziladi.
Unda 16 ta masala, xususan, 8 ta qonun koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan. “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi, “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi va boshqa bir qator qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axborotini eshitish nazarda tutilgan.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari himoyasini taʼminlash chora-tadbirlari yuzasidan va boshqa masalalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish masalasi ham rejalashtirilgan.
Yalpi majlis Senatning www.senat.uz rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda «Uzreport» telekanali orqali jonli efirda yoritib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring