Bugun Samarqand shahrida shaxmat boʻyicha VI jahon chempionati boshlanadi

14:32 25 Dekabr 2023 Jamiyat
604 0

Foto: Illustrativ foto

25 — 30-dekabr kunlari Samarqand shahrida shaxmatning blis va rapid yoʻnalishlari boʻyicha VI jahon chempionati boʻlib oʻtadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, I jahon chempionati 2017-yil 25 — 31-dekabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida, II jahon chempionati 2018-yil 25 — 31-dekabr Rossiyaning Sankt-Piterburg shahrida, III jahon chempionati 2019-yil 25-31-dekabr Rossiyaning Moskva shahrida, IV jahon chempionati 2021-yil 25 — 31-dekabr Polshaning Varshava shahrida, V jahon chempionati 2022-yil 25 — 31-dekabr Qozogʻistonning Almati shahrida oʻtkazilgan.

Samarqand mezbonlik qiladigan VI jahon chempionatida 50 dan ortiq mamlakatdan 338 nafar (shundan 33 nafari oʻzbekistonlik) sportchi 6 ta medal uchun bahs olib boradi. Ushbu jahon chempionatining sovrin jamgʻarmasi 1 million dollarni tashkil etadi.

VI jahon chempionati dasturiga shaxmatning 2 ta yoʻnalishi (blis va rapid) kiritilgan boʻlib, FIDE reytingida 2 550 (erkaklar) va 2 250 (ayollar) reytingidan past boʻlmagan sportchilar ishtirok etishi belgilangan.

Musobaqalar Samarqand shahrida joylashgan “Silk Road Samarkand” turizm markazining Kongress xollida boʻlib oʻtadi. Ochilish marosimi bugun Minyoun mehmonxonasida oʻtkaziladi. Unda Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti (FIDE) Arkadiy Dvorkovichning ishtirok etishi rejalashtirilgan.

VI jahon chempionatining Rapid yoʻnalishi 26 — 28-dekabr kunlari 13 turda, Blis yoʻnalishi 28 — 30-dekabr kunlari 21 turda boʻlib oʻtadi.

Shu oʻrinda aytish kerakki, VI jahon chempionatida dunyo reytingida yuqori oʻrinlarda turgan grossmeystrerlar Magnus Karlsen, Daniil Dubov, Nodirbek Abdusattarov, Gukesh Dommaraju, Vinsent Kaymer, Shaxriyar Mamadiyorov, Yan-Kshishtov Duda, Yu Yanʼi, Maksim Vashye-Lagrav, Levon Aronyanlarning ishtirok etishi kutilmoqda.

Bundan tashqari VI jahon chempionatida ishtirok etish uchun 185 nafar xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari, bloger va jurnalistlar, shuningdek, 570 nafar muxlislar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

Bir hafta davom etadigan mazkur jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish uchun Samarqandda katta tayyorgarlik koʻrildi. Bu yilga jahon chempionati barcha uchun esda qolarli taassurotlarga boy boʻladi degan umiddamiz.

Abdulaziz Yoʻldoshev, "Xalq soʻzi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер