"Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Hukumat rahbarining Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisini majlisda tanqid qilgani turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda" — R.Kusherbayev

19:15 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
1265 0

 

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Hukumat rahbarining Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisini majlisda tanqid qilgani turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Muhokamalar orasida mening ham familiyam bor.

Albatta, oʻzgarishlar sari ketayotgan Yangi Oʻzbekiston sharoitida jamiyatda illat sifatida koʻrilayotgan, koʻpchilik eʼtiroziga sabab boʻlayotgan masalalarni ochiq muhokama va tanqid qilish normal holat hisoblanadi. Buni soʻz erkinligi borasida erishgan eng katta yutugʻimiz sifatida qabul qilish kerak.

To'gʻri, soʻngi paytlarda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatida jonlanishlar bor. Biroq mazkur sohadagi mavjud muammolar oldida bu hali yetarli emas. Afsuski, oxirgi 27 yil davomida monopoliya masalasi jilovlanmagani bugun “imperiya” darajasidagi “oyogʻi yerdan uzilgan” ayrim monopollarning paydo boʻlishiga olib keldi. 

Kechagi majlisda aniq nima boʻlganini bilmaymanu, biroq Hukumat rahbari sifatida Bosh vazir tegishli soha va tarmoqlar boʻyicha ishlarni tanqid qilib, yoʻl-yoʻriq berishi hukumat tabiatiga xos tabiiy jarayon. 

Men Bosh vazirni parlament va deputatlarni eshita oladigan kamchilik shaxslardan biri sifatida bilaman, bunga koʻp bora shaxsan guvoh boʻlganman. 

Hukumatning avtomobilsozlik sohasida raqobat muhitini yaratish maqsadida Jizzax, Qoʻqon, Namanganda yangi avtomobil zavodlari ochishga harakat qilayotganini mavjud “avtomobil monopoliyasini” yoʻq qilish borasidagi ijobiy qadam sifatida koʻraman. Bu esa yangi ish oʻrinlari degani.

Bugun davom etayotgan pandemiya sharoitida ishlab turgan zavod va korxonalarni saqlab qolish, faoliyatini rivojlantirish, yangi investitsiyalar jalb etib raqobat muhitini rivojlantirishimiz kerak.

Oʻz oʻrnida Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi ham oʻz faoliyatida monopoliya sohasiga oid amaldagi qonunlarimizni ijrosini yana-da qatʼiy nazoratga olishi va oʻz ishini tizimli tashkil etishi lozim, deb bilaman.

Bilmadimu, biroq fikrimcha, bugungi masalaning koʻtarilishi kimningdir qaysidir ijtimoiy muhimrok boshqa masaladan eʼtiborini qochirishiga oʻxshaydi. Oʻquvchilarni fikrini chigallashtirmagan ham maʼqul biroq.

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер