Budapeshtda Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlarining birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Avval xabar berganimizdek, 2023-yilning 16-19-may kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) F.Eshmatova Turkiya, Ozarbayjon va Qozogʻiston Ombudsmanlari bilan birgalikda Vengriya Respublikasida xizmat safarida boʻlishdi.
Vengriya Respublikasining Asosiy huquqlar komissari Akos Kozma taklifiga binoan Vengriyaga tashrif buyurgan delegatsiya aʼzolari 2023-yilning 18-may kuni Milliy politsiya Bosh boshqarmasi va Vengriya penitensiar xizmati milliy shtab-kvartirasi vakillari bilan uchrashishdi.
Xizmat safari doirasida delegatsiya aʼzolari Vengriya tashqi ishlar va savdo vazirligida xavfsizlik siyosati boʻyicha Davlat vaziri Peter Staray bilan ham uchrashishdi.
Oʻz navbatida, Peter Staray, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriya davlatiga qilgan tashrifi yakunlariga koʻra, mamlakatlarning ishbilarmon doiralari vakillari bilan aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalari koʻrib chiqilib, salmoqli hujjatlar toʻplami imzolanganini, ushbu safar Oʻzbekiston va Vengriya aloqalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishini bildirdi.
Shuningdek, mezbon Vengriya turkiy tilli davlatlar mamlakatlari Ombudsmani institutlari oʻrtasida inson huquqlari sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.
Shu kuni Oʻzbekiston Parlamenti Ombudsmani Feruza Eshmatova Vengriya Respublikasi Asosiy huquqlar komissari Akos Kozma tomonidan tashkil etilgan Turkiy tilli Ombudsman va inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar rahbarlarining birinchi rasmiy konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda Vengriya, Ozarbayjon, Turkiya va Qozogʻiston Ombudsmanlari institutlari vakillari, shuningdek, Vengriyadagi huquqni muhofaza qilish organlari vakillari va boshqalar ishtirok etishdi.
F.Eshmatova oʻz nutqida mamlakatimizda soʻnggi yillarda olib borilayotgan islohotlar, Ombudsman institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlari, jumladan murojaatlar bilan ishlash, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirilayotgan monitoring tashriflari hamda xalqaro hamkorlik borasida faoliyati bilan tanishtirdi.
Mazkur konferensiya Vengriya Respublikasiga amalga oshirilgan xizmat safarini yakunlab berdi. Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qozogʻiston Ombudsman institutlari vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari 16-19-may kunlari Vengriyaning bir qancha hududlarida boʻlib, Vengriya Ombudsmani va uning hududiy boʻlimlari hamda mamlakatdagi jazoni ijro etish muassasalari va huquqni muhofaza qiluvi organlar faoliyati bilan tanishdi.
Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari institutlari oʻrtasidagi inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashning ramziy belgisi sifatida Vengriya, Oʻzbekiston, Turkiya, Ozarbayjon va Qozogʻiston davlatlari vakillarining koʻchat ekish marosimi ham boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Ombudsmani tomonidan Chinor – umrboqiy daraxti ekildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring