Budapeshtda Oʻzbekiston elchixonasi rasman ochildi
Joriy yilning 27-mart kuni Budapesht shahrida Oʻzbekiston elchixonasi ochilishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi.
TIV maʼlumotiga koʻra, yurtimiz diplomatik vakolatxonasi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi bevosita Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi va Vengriya hukumati rahbarining har tomonlama qoʻllab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston TIV rahbari Baxtiyor Saidov, Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto, iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, shuningdek, keng jamoatchilik, siyosiy, ishbilarmon doiralar vakillari, mahalliy OAV xodimlari ishtirok etdi. Oʻzbekistondan borgan sanʼat ustalarining dilrabo kuy va taronalari tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Baxtiyor Saidov oʻz nutqida mamlakatimiz ochiq, pragmatik, tinchliksevar tashqi siyosat yuritayotgani, barcha davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar rivojlanib borayotgani, xususan, Vengriya bilan hamkorlikni kengaytirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri ekanligini taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Peter Siyyarto Oʻzbekiston elchixonasining ochilishi ikki tinchliksevar mamlakatlar oʻrtasidagi aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy oʻsish surʼatining yorqin tasdigʻi ekanini, elchixona faoliyati oʻzaro hurmatga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni har jihatdan boyitishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Soʻnggi yillarda birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlari faol taraqqiy etib, mutlaqo yangi surʼat kasb etmoqda. Vaqt sinovidan oʻtgan doʻstona munosabatlar bugun strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgan. Xalqlarimiz asrlar osha uzviy tarixiy aloqalarga ega boʻlib, mustahkam doʻstlik va madaniy hamkorlik rishtalarini saqlab kelmoqda. Ikki tomonlama amaliy hamkorlik siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi izchil rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekiston-Vengriya munosabatlari xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, shuningdek, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik natijasida yanada kengaymoqda. Shu oʻrinda BMT va YEXHT bilan bir qatorda Turkiy davlatlar tashkilotini ham alohida taʼkidlab oʻtish oʻrinli.
Elchixona binosi Budapesht shahrining markaziy hududida joylashgan boʻlib, u koʻhna va zamonaviy arxitektura talablarini mujassam etgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring