Bu yurtda inson va uning manfaatlari aziz

12:12 29 Avgust 2020 Siyosat
974 0

Maʼlumki, har qanday murakkab vaziyatlarda davlatlar mustaqilligi, xalq, hukumat va parlament birdamligi qay darajada ekanligi yaqqol namoyon boʻladi. Zero, oʻzini mustaqil, deb hisoblagan mamlakat aholi, fuqarolar manfaatini himoya qila olishi lozim.

Joriy yilgi pandemiya sharoitida Oʻzbekiston har qanday vaziyatda ham ichkaridagi va tashqaridagi fuqarolarini asray olish salohiyati mavjud ekanligini koʻrsatib berdi. Pandemiya boshlanganidan buyon mamlakatlararo qatnovlar toʻxtatilgan bir sharoitda 60 mingga yaqin fuqarolarimizni charter reyslar orqali olib kelinishi va ularning sogʻligʻi toʻgʻrisida qaygʻurilayotganining oʻziyoq koʻp narsadan darak beradi. Shu bilan 40 mingga yaqin kasallangan har bir bemorning davolash, dori-darmon, ovqatlanish xarajatlarining barchasini davlatimiz tomonidan qoplab berilayotgani “Bu yurtda inson va uning manfaatlari aziz” tamoyilining amaliy ifodasi boʻlib xizmat qilmoqda.

Taʼbir joiz boʻlsa, mazkur vaziyat har bir mamlakatning sogʻliqni saqlash tizimini imtihondan oʻtkazdi. Shu oʻrinda Prezidentimiz tashabbusi bilan sogʻliqni saqlash sohasida toʻrt yil oldin boshlangan islohotlar bugun naqadar dolzarb va oʻz vaqtida amalga oshirilganini guvohi boʻlyapmiz. Misol uchun, sogʻliqni saqlash tizimiga Davlat byudjetidan yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar yildan yilga oshib bormoqda. 2016-yilda bu summa 5,449 trln. soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, 2019-yilda 2 baravar ortiq mablagʻ ajratildi.

Shu bilan birga, dori vositalariga ajratilgan mablagʻlar ham oshib bormoqda. Chunonchi, soʻnggi 3 yil davomida tez tibbiy yordamdan foydalanganlik kesimida dorilarga ajratilgan summa 482 soʻmdan 5800 soʻmgacha koʻpaygan, QVPda bir bemorni qabul qilish kesimida 1825 soʻmdan 3700 soʻmgacha, koʻp tarmoqli poliklinikadagi qabul uchun esa 1654 soʻmdan 4800 soʻmgacha oshirilgan. Darhaqiqat, ushbu oʻzgarishlar bugungidek sinovli kunlarda oʻz hosilini bermoqda. Zero, iqtisodiyoti baquvvat, manaman, degan davlatlar ham kasallanganlarga, karantindagilarga joy, oziq-ovqat topolmay qolganini koʻrganda, fuqarolarimiz uchun qilinayotgan saʼy-harakatlarning qadri yana-da yorqinroq namoyon boʻladi.

Joriy yilda qabul qilingan barcha normativ-hujjatlar, oʻtkazilgan yigʻilishlar “Inson manfaatlari — eng oliy qadriyat” gʻoyasi asosida shakllantirilayotir. Buni “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakatining tashkil etilgani va uning keng qamrovli faoliyatida, tadbirkorlik subyektlariga qoʻshimcha imtiyozlar, aholimizga kredit taʼtillari berilganida guvohi boʻlishimiz mumkin.

Oʻz navbatida, vakillik organlari — parlament aʼzolari va joylardagi mahalliy Kengash deputatlarimiz ham pandemiya boshlangan mart oyidan hozirgi kunga toʻxtovsiz oʻz faoliyatlarini olib borishdi.

Xususan, Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz aʼzolari qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati bilan birga, joylarda koronavirusni davolash muassasalarida, karantin hududlarida yaratilgan sharoitlar, sanitariya-osoyishtalik qoidalariga amal qilish, bozorlar, dorixonalardagi narx-navolar holati kabi masalalarni muntazam oʻrganib borishdi.

Mahalliy Kengash deputatlari bilan hamkorlikda har bir hududning pandemiyaga qarshi kurashishda koʻrayotgan choralari, karantin qonun-qoidalarini yumshatish yoki qatʼiylashtirish masalasini muntazam muhokama qilib borishdi.

Ushbu jarayonlarda mahalliy Kengashlardagi deputatlar faoliyati ham sezilarli ravishda jonlanganini kuzatdik. Xalq vakili nomiga sazovor boʻlgan vakillarimiz “Saxovat va koʻmak” umummilliy harakatining faol ishtirokchisiga aylandi. Xalqimiz ishonchiga munosib boʻlish yoʻlida muhtojlarga yordam bergan, koʻplab oilalarni otaliqqa olgan, ish bilan band etgan deputatlarni har bir hududda uchratishimiz mumkin.

Albatta, Hukumat, xalq, parlamentning birgalikdagi harakati natijasida kasallanish koʻrsatkichi kamayib, sogʻayishi koʻrsatkichi 90 foizdan oshgan holda, vaziyat kundan kunga yaxshilanib bormoqda. Bu koʻrilayotgan choralar naqadar toʻgʻriligini hamda xalqimizni borgan sari pandemiya sharoitida ishlash va yashashga yetarli koʻnikma hosil qilayotganini koʻrsatadi.

Joriy yilda eng ulugʻ, eng aziz bayram — yurtimiz mustaqilligining 29 yillik ayyomini har yilgidek, bayram tomoshalari, sayillar shaklida oʻtkaza olmayapmiz. Ammo bu holat bayram shukuhini, qadrini zarracha pasaytira olmaydi. Prezidentimizning ushbu ulugʻ sanani oila davrasida, uyda nishonlash boʻyicha taklifini xalqimiz toʻgʻri qabul qildi. Zero, koronavirus har birimiz uchun eng muhimi bu — oʻzimiz va yaqinlarimiz sogʻligʻi ekanligini isbotlab berdi. Vaziyatni toʻgʻri anglagan yurtdoshlarimiz, Navroʻz, Ramazon va Qurbon Hayitlari, Xotira va qadrlash kuni kabi umumxalq bayramlarini karantin qonun-qoidalariga rioya qilgan holda oʻtkazdi. Xalqimiz ushbu ayyomni ham belgilangan tartib qoidalar asosida oʻtkazishga hech qanday shak-shubha yoʻq.

Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,

“Adolat” SDP Siyosiy kengashi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер