Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

12:04 02 Aprel 2026 Madaniyat
504 0

Nihollar kundan-kun koʻrsatmoqda boʻy,

Bunda hukm surar tinchlik, yorugʻ oʻy,

Nafasi huzurbaxsh, betakror xushboʻy,

Bagʻishlar qalblarga soʻnmas sururki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Ajdodlar sabogʻin olgan har chaman,

Har chinor, har terak, har bir yosuman,

Bugun boʻlmish axir muazzam Vatan,

Ulugʻvor maqsadlar boshlagan yoʻlki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Yashil — yashnamogʻ-u yashamoq ramzi,

Yashillikka toʻldi oʻlkam har fasli,

Bu saodat asri, ezgulik asri,

Baxsh etar yurakka faxr-u gʻururki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Koʻklamning ishqida mavjlanar har yoq,

Orzusi musaffo, tolei porloq,

Yangi Oʻzbekiston bogʻlariga boq,

Chiroyga toʻlishib borar har yilki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Bir tarafda vodiy, voha bir taraf,

Boradir nurafshon manzilga qarab,

Yashaydi hurligin gul misol asrab,

Har bir goʻshasida yayragay elki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Gullamoq baxtidan sevingan Orol,

Toʻladi bogʻlarga, ochadi jamol,

Koʻksiga qadalgan har bitta nihol,

Boʻladi dildoshi, shunday huzurki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Dunyoning bogʻlari boshlanar shundan,

Shu nurli tilakdan, shu saxiy kundan,

Oddiy haqiqatni angla bugundan,

Xalqim tuydi buni, ming-ming shukurki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Ulugʻ his yoʻq Vatan muhabbatidan,

U yashnar insonning marhamatidan,

Bir bunyodkor Qalbning haroratidan,

Ortar diyorimda gulshanlar koʻrki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Bagʻridan hamisha baxt taratguvchi,

Goʻzalligi ila dil qaratguvchi,

Yaxshilar safida bogʻ yaratguvchi,

Har daraxti boʻlgay koʻngilning mulki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Bor bisotin farzandiga atagan,

Oʻzbekiston, oʻzim ketay sadagʻang!

Yaxshi niyat ila koʻchat qadagan,

Nur yogʻar qalblardan, shundayin nurki,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

 

Elim, ogoh aylab bashariyatni,

Chorla yaxshilikka, pokla niyatni,

Unutmasin toki bu qadriyatni:

Har novda — kelajak, bugundan ulgi,

Bu yurt shunday gul-u rayhonlar yurti!

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер