Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor...

22:00 31 Avgust 2022 Jamiyat
1971 0

Keksalarimiz tinchlikning qadrini juda yaxshi bilishadi, ushbu neʼmatning qadriga yetish, uni koʻz qorachigʻiday asrab-avaylashga daʼvat etadi. Zero, tinchlik oʻz-oʻzidan kelmaganini yoshi ulugʻlar hayotiy voqealar bilan hikoya qilib beradilar.

“Shuhrat” medali sohibasi, 100 yoshdan oshgan Razavan momo Markabayeva bizga ana shular haqida soʻzlab berdi:

— Shunday farovon kunlarga yetkazgan Yaratganga shukronalar aytaman, — deydi onaxon biz bilan suhbatda. — Sababi bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Bir asrlik hayotimizda ne-ne zamonlar boshimizdan kechdi. Tarixga aylangan yillar qaʼtida yaxshi-yomon kunlarimiz koʻp boʻldi. Davrlar, zamonlar oʻtaverarkan. Har bir nafasiga shukronada boʻlgan kishining doimo baxtu iqboli kulganiga koʻp marotaba guvoh boʻldik.

Yaratganga ming bora shukrlar boʻlsinkim, bugungi hur kunlar bu elga nasib etdi. Tariximiz, dinimiz, milliy urf-odatlarimiz eʼzozlanmoqda. Ishlab, elni boy qilaman, deganga hamma shart-sharoitlar yaratib berilayotir. Yoshlarimizni ilm olishi, tadbirkorlik qilishi uchun qanchadan-qancha ishlar qilinyapti.

Umr yoʻldoshim bilan oʻn nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdik. Serfayz oilamizda 31 nafar nabira, 85 nafar chevaralar qurshovidamiz.

Prezidentimiz har doim yoshi ulugʻ insonlarni, nuroniylarni, ayniqsa, 100 yoshdan oshgan fuqarolarni eʼzozlab, ularning mehnatlarini eʼtirof etib keladi.

Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga muvofiq, mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida meni ham “Shuhrat” medali bilan mukofotladi. Prezidentimizning umri uzoq boʻlsin ilohim. Bu yuksak medal koʻnglimni togʻdek koʻtardi. Viloyat hokimi kelib medalni taqib, tabriklab ketdi. Hamma-hammalari sogʻ-omon yurishsin, deyman.

Toshkent viloyati Olmaliq shahrilik Razavan momo soʻzining yakunida duoga qoʻl ochib, yurtimiz doimo tinch, xalqimiz hayoti bundan-da farovon boʻlsin, deya taʼkidladi.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер