Bu yil test sinovlari onlayn oʻtkaziladimi?
Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat test markazi tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan oliy taʼlim muassasalariga kirish test sinovlarini pandemiya sharoitida oʻtkazish maqsadga muvofiq emasligi toʻgʻrisida maʼlumotlar tarqalmoqda. DTM mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
"Davlat test markazi tomonidan oʻtkazilishi rejalashtirilgan test sinovlari tashkiliy masalalariga toʻxtalib oʻtsak.
Hammaga maʼlumki, test sinovlarining katta sigʻimli binolarda oʻtkazilishi bilan test sinovlari adolatli va shaffof boʻlishiga erishildi.
Maʼlumki, test sinovlari 2017-yilgacha 1000 dan ortiq binolarda, xususan, oliy taʼlim muassasalari, maktab, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari binolarida kichik auditoriyalarda oʻtkazilar edi. Bunda test sinovlarini Davlat test markazi tomonidan toʻliq nazorat qilish imkoniyati yoʻq edi va bu har xil korrupsion holatlarga olib kelardi.
2018-yildan esa yangi tizimga oʻtilib, test sinovlari katta sigʻimli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda oʻtkazila boshlandi.
Oldingi tizimdan farqli oʻlaroq hozirgi tizimda test sinovlari boʻlib oʻtadigan binoga faqatgina guruh nazoratchisi, bino rahbari va DTM vakili kirishi mumkinligi belgilangan boʻlib, binolar soni oldingidek koʻp boʻlmagani uchun har bir binoda Davlat test markazi xodimi test sinovlariga umumiy rahbarlik qilmoqda va bu test sinovlarining sifatli va adolatli oʻtishida eng muhim omillardan biri boʻlmoqda.
Binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalaridan foydalanilayotgani esa jarayonning yana-da shaffof va adolatli oʻtkazilishiga sabab boʻlmoqda.
2020-yilda ham test sinovlarini katta sigʻimli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda oʻtkazish rejalashtirilgan va hozirgi kunda jarayonni sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jumladan:
- test sinovi oʻtkaziladigan hududlarga kirish qismida antiseptik vositalar bilan jihozlangan stollar va bino ichkarisida birinchi tibbiy muolaja punkti tashkil etiladi;
- har bir hudud navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan taʼminlanadi;
- test sinovlari oʻtkaziladigan binolar har bir smenadan oldin va keyin shamollatiladi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari tomonidan dezinfeksiya qilinadi;
- binoga kirishdan oldin abituriyentlar dezinfeksiya yoʻlagidan oʻtkaziladi;
- ularning tana harorati oʻlchanib, har bir abituriyent alohida yangi tibbiy qoʻlqop va niqob bilan taʼminlanadi;
- test sinovi oʻtkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 370 C dan yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv oʻtkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi;
- Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tibbiy tekshiruvidan oʻtkazilgan va koronavirus kasalligi aniqlanmagan abituriyentlar uchun respublika boʻyicha test sinovlari toʻliq yakunlangandan soʻng toʻrtinchi kuni test sinovlari oʻtkaziladi.
Hozirda kunda test sinovlari oʻtkaziladigan binolar sovutish va ventilatsiya tizimlari bilan taʼminlangan boʻlib, binolarda abituriyentlarning ijtimoiy masofa saqlashlari uchun har bir abituriyentga 3 kvadrat metrdan kam boʻlmagan joy ajratilmoqda va binolarning holati boʻyicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligidan tegishli xulosalar olinmoqda.
Umuman olganda, test sinovlarini sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilgan holda oʻtkazish boʻyicha barcha ishlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va Respublika maxsus komissiyasi bilan kelishilgan holda, ularning tavsiyalari asosida amalga oshirilmoqda.
Endi ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim fikrlarga eʼtibor qaratsak.
Test sinovlarining boshlanish kuni Davlat test markazi tomonidan belgilanmaydi, balki Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qarori bilan belgilanadi.
Qoʻshni davlatlarda test sinovlari oʻtkazilayotganida xavf kamroq, bizda esa koʻproq deyishga esa hech qanday dalil mavjud emas.
Test sinovlarini maktablarda tashkillashtirish tizimiga qaytish notoʻgʻri boʻlishini barchamiz bilib turibmiz. Baʼzi bir shu yoʻl bilan abituriyentlarga “yordam” bermoqchi boʻlgan “ustoz”larga, albatta, orqaga qaytish juda ham qoʻl keladi va shu fikrni dunyodagi pandemiya holatini niqob qilib olish orqali yoshlarning miyasiga quyish bilan ovora.
Onlayn test sinovlariga keladigan boʻlsak, dunyoda hech bir davlat bunday katta miqdordagi abituriyentlar uchun onlayn test oʻtkazmaydi, buning iloji ham yoʻq. Bu boʻyicha Davlat test markazi tomonidan barcha xalqaro hamkorlarimiz bilan aloqa qilingan va hech birida onlayn test sinovlarini oʻtkazish rejalashtirilmagani aytilgan.
Hattoki «Onlayn proktoring» (test sinovlarini uyda topshirish va onlayn ularni nazorat qilish) tizimidan foydalanayotgan tashkilotlar ham uning xavfsizligi, qanday yoʻllar bilan aldash mumkinligi hali toʻliq oʻrganilmaganligini taʼkidlab oʻtishgan. Pandemiya oʻtib ketgandan keyin bu tizimdan voz kechish rejasi yoʻq emasligini ham aytib oʻtishgan.
Hozirgi kunda hech kim toʻliq bu infeksiyadan oʻzimni asray olaman deya olmasligini yaxshi bilamiz.
Shuning uchun Davlat test markazi tomonidan rejalashtirilgan test sinovlari nafaqat adolatli va shaffof oʻtishini, balki abituriyentlarning sogʻligʻi ham birinchi oʻrinda turishini maʼlum qilamiz va buni imkoni boricha taʼminlashga harakat qilamiz", deyiladi axborotda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring