Britaniya kompaniyalari Oʻzbekistondagi grafit konlarini oʻzlashtirishga qiziqish bildirmoqda
Oʻzbekiston elchixonasida “Uzbekistan Business Consultants” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Piter Margeytts bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik aloqalarini jadallashtirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, yurtimizga xorijiy sarmoyalarni jalb etish masalalari xususida fikr almashildi.
Piter Margeytts Britaniya kompaniyalari Oʻzbekistonda grafit konlarini izlab topish, ushbu jabhada yangi loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirayotganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, 2-fevral kuni Qashqadaryo viloyatiga buyurgan ishchi safari juda samarali kechgan. “Safar davomida Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillari bilan muzokaralar oʻtkazdik. Shuningdek, Oʻzbekistondagi konlarda davlat xususiy sheriklik asosida hayotga tatbiq etiladigan sarmoyaviy loyihalar taqdimoti bilan tanishdim”, dedi u.
Uchrashuv yakunida mazkur sohada investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha muloqotlarni davom ettirish toʻgʻrisida kelishib olindi.
“Uzbekistan Business Consultants” kompaniyasi Britaniyada roʻyxatga olingan. Kompaniya Oʻzbekiston va MDH davlatlarida savdo, investitsiyalar sohalarida konsalting xizmatlarni koʻrsatishga ixtisoslashgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring