Britaniya banklarining “karbon bombalar”iga sarmoya kiritgani aniqlandi

11:33 02 May 2025 Dunyo
318 0

Londonda joylashgan banklar 2016–2023-yillar davomida dunyo boʻylab iqlim oʻzgarishiga olib keluvchi yirik neft, gaz va koʻmir loyihalariga 100 milliard AQSH dollardan ortiq miqdorda investitsiya ajratgan. “Leave It in the Ground Initiative” tashkiloti tayyorlagan tadqiqotga koʻra, bu mablagʻlar 28 mamlakatda amalga oshirilayotgan kamida 117 ta yirik “karbon bomba” loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan.

Agar ushbu loyihalar toʻliq amalga oshsa, ular 420 milliard tonna karbon chiqindisini keltirib chiqarishi mumkin — bu hozirgi dunyo boʻyicha yillik SO2 chiqindisining oʻn yillik hajmiga teng. Mazkur loyihalar iqlim boʻyicha xalqaro kelishuvlar, jumladan, Parij kelishuvi orqali belgilangan 1,5°C lik isish chegaralarini jiddiy xavf ostiga qoʻyadi.

Tahlillarga koʻra, HCBK, “Barclays”, “Lloyds” va “NatWest” kabi 9 ta Londonda joylashgan bank kamida 117 ta yirik “karbon bomba” loyihasini moliyalashtirgan. Ayniqsa, HSBK 104 ta loyiha bilan bogʻliq kompaniyalarga moliya ajratgan boʻlib, ularning chiqindisi 392 milliard tonna SO2 ni tashkil qilishi mumkin.

“Standard Chartered” — 75 ta, “Barclays” — 62 ta, “Lloyds” — 26 ta va “NatWest” — 20 ta loyihaga bogʻliq kompaniyalarni moliyalashtirgan. “Leave It in the Ground” tahlilchisi Fatima Aysam-Eldin bu holatni shunday izohladi: “Bu koʻlamdagi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash — Britaniya iqlimga qarshi kurashda yetakchi sifatidagi pozitsiyasiga zid keladi. Haqiqiy iqlim yetakchiligi moliyaviy oqimlarni boshqarish bilan bogʻliq boʻlishi kerak”.

“Guardian”ning avvalgi surishtiruvi shuni koʻrsatdiki, AQSH, Saudiya Arabistoni, Kanada, Rossiya va Xitoy dunyodagi eng koʻp “karbon bomba” loyihalarini amalga oshirmoqda. Ammo ushbu yangi tahlil Britaniyaning moliyaviy markaz sifatida bevosita bunday loyihalarni qoʻllab-quvvatlayotganini ochib berdi.

“Reclaim Finance” rahbari Lyusi Pinson Londonni “Yevropada issiqxona gazlari chiqindisini kuchaytiruvchi moliyalashtirishning asosiy nuqtasi” deb taʼrifladi. Ushbu banklar “Trampning foydali, ammo xalq manfaatlariga zid dunyosi” va “ekologik transformatsiyaga intilayotgan dunyo” orasida tanlov qilishi kerakligini taʼkidladi.

Banklar “Guardian”ning soʻroviga javob berib, tadqiqot uslubiga shubha bildirishdi. Ular loyihalarga emas, kompaniyalarga moliya berilishi munosabati bilan masʼuliyatning toʻliq ularga yuklanishini savol ostiga qoʻydi. Ammo tadqiqotchilar banklarning kompaniyalarga toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy yordami ana shu loyihalarning amalga oshishiga sharoit yaratishini taʼkidlashmoqda.

Tahlillar Britaniya banklarining iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda qanday roli borligini yanada ravshanlashtiryapti. Iqlimni saqlashda yetakchi boʻlishni daʼvo qilgan mamlakat uchun bunday moliyaviy oqimlar jiddiy ziddiyatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер