Botulizm: Qoʻlbola tayyorlangan konservalar sogʻliq uchun xavfli
Иллюстратив фото
Qish faslida koʻpchilik uy sharoitida tayyorlangan konservalangan mahsulotlarni isteʼmol qilishni maʼqul koʻradi. Biroq bunday oziq-ovqatlardan zaharlanish ehtimoli yuqori.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Anvar Shukurov bu boradagi xulosa va tavsiyalari bilan oʻrtoqlashdi.
— Aksariyat xonadon bekalari yoz va kuz fasllarida meva-sabzavotlardan konservalar tayyorlab, qishga gʻamlab qoʻyadi, — deydi mutaxassis. — Biroq uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligi natijasida botulizm qoʻzgʻatuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, yaʼni kislorodsiz muhitda rivojlanib, oʻta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.
Botulizm qoʻzgʻatuvchilari tashqi muhitga oʻta chidamli boʻlib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik boʻladi.
Oʻzida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatilmaganda oʻlimga olib keluvchi eng ogʻir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.
Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga taʼsir etadi va organizmda turli oʻzgarishlarga olib keladi.
Bu holatda:
— nafas olish qiyinlashishi, ogʻiz-tomoqning qurishi qorin sohasida ogʻriq, jismlar koʻzga ikkita boʻlib koʻrinishi (diplopiya), koʻz qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi;
— koʻngil aynishi va qusish (koʻpincha takrorlanadi);
— umumiy holsizlik va zaiflik kabi belgilar namoyon boʻladi.
Bemorning soʻzlari tushunarsiz boʻlib qoladi, boʻyin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.
Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam koʻrsatilmasa va zarur davo muolajalari oʻtkazilmasa, uning nafaqat sogʻligʻi, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.
Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:
— uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;
— bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, nomaʼlum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;
— banka qopqogʻi koʻtarilgan (bombaj), shuningdek rangida oʻzgarish boʻlgan konservalarni isteʼmol qilmaslik;
— oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga eʼtibor berish, savdo doʻkonlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlariga eʼtibor berish;
— taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga toʻliq rioya etish.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring