Boʻstonliqdagi togʻda adashib qolgan fuqaro qutqarildi
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani hududiga sayr qilish maqsadida borgan fuqarolardan biri adashib qolgan. Bu haqida Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Unda aytilishicha, kecha, 18-may kuni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani Burchmulla qishlogʻi hududidagi “Kopir tosh” togʻiga ikki nafar fuqaro sayr qilish maqsadida borgan. Ulardan biri yoʻldan adashib qolishi oqibatida togʻdan tusholmay qolgan.
Mazkur holat yuzasidan yordam zarurligi toʻgʻrisida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga murojaat kelib tushgan. Ushbu xabarga asosan, Chimyon yongʻin-qutqaruv otryadidan bir guruh qutqaruvchilar zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borgan.
Maʼlum boʻlishicha, adashib qolgan fuqaro dengiz sathidan taxminan 2 ming metr balandlikdan topilgan hamda yongʻin-qutqaruv otryadi xodimlari tomonidan xavfsiz hududga olib tushilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, ushbu holat natijasida tan jarohati olganlar aniqlanmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring