Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari A.Ramatovga suv obyektlari muhofazasi boʻyicha parlament soʻrovi yuborildi
Qishloq xoʻjaligi sohasi, shuningdek boshqa suv isteʼmolchilarining ehtiyojlarini taʼminlashda suv obyektlari, xususan, daryolar, koʻllar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar hamda boshqa suv obyektlari zaxiralaridan tejamli foydalanish oʻta muhim ahamiyatga ega.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining shu yil 21-avgust kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida deputatlar ushbu dolzarb masalani koʻtarib chiqishdi. Bu bejiz emas. Chunki xalq vakillari tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar mazkur sohada muayyan ishlar olib borilayotganiga qaramay, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash, mazkur hududlarda nazoratni tashkil qilish borasidagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligini koʻrsatmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatidagi 3 ta daryo — Toʻpolang, Sangardak va Sherobod daryolari va Uchqizil suv omborining, Jizzax viloyatidagi «Zominsuv», «Nuraksoy» va «Xoʻjamushkentsoy» soylarining, Buxoro viloyatidagi 9 ta koʻlning, Namangan viloyatidagi 14 ta kichik daryo va boshqa suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari toʻliq belgilanmagan. Bunday holatni boshqa hududlardagi suv obyektlari misolida ham koʻrish mumkin.
Deputatlarning qayd etishicha, suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari (aniq chegaralar) belgilanmagani ularni samarali nazorat qilish imkoniyatini cheklamoqda. Shu bilan birga, ularga tutash yer maydonlarining oʻzboshimchalik bilan egallanishiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan suvni muhofaza qilish zonalari hududidagi yer maydonlarini boshqa maqsadlar uchun ajratish toʻgʻrisida noqonuniy qarorlar qabul qilinishiga va nizolar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda.
Birgina 2020-yilning olti oyi davomida tegishli organlar tomonidan suvni muhofaza qilish, qirgʻoqboʻyi hududlarida oʻtkazilgan reydlar va monitoring natijalariga koʻra, bu borada respublika boʻyicha jami 950 ta qonunbuzarlik holati sodir etilgani aniqlangan.
Daryo oʻzanlarini tozalash, qum-shagʻal qazib olish va ularni qayta ishlash bilan shugʻullanuvchi 504 ta korxona faoliyati oʻrganilganda, ularning 170 tasida oqovani suv havzasiga ruxsatsiz oqizish, suvni muhofaza qilish zonalarida noqonuniy qum-shagʻal qazib olish, chiqindilar joylashtirish bilan bogʻliq qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A. Ramatovga “Oʻzbekiston Respublikasi hududida suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida”gi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring