Bosh vazir nomzodi qanday tasdiqlanadi?

13:56 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
8225 0

Illyustrativ foto

“Huquqiy axborot” kanali ushbu savolga quyidagicha javob berdi.

"2019-yilda Oʻzbekistonda muhim siyosiy jarayon – Oliy Majlis va xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi.

Shunga koʻra, hozirda Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga qizgʻin tayyorgarlik ketmoqda.

Lekin bu jarayonda ayrim bloger va OAVlar tomonidan qonunchilikka zid maʼlumot tarqatish, har xil asossiz soʻrovlar oʻtkazish holatlari uchramoqda.

Xususan, telegramdagi kanallarning birida ayrim mansabdor shaxslardan qaysi birining Bosh vazir boʻlishi mumkinligi haqida soʻrov oʻtkazilgan.

Bu kabi holatlar odamlar orasida turli mish-mishlar kelib chiqishiga va jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga sabab boʻlishi mumkinligini inobatga olib, amaldagi qonunchilikda belgilab qoʻyilgan Bosh vazirni tasdiqlash tartibi haqida maʼlumot berishni lozim deb topdik.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga asosan Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan Prezidentga koʻrib chiqish uchun taklif etiladi.

Bunda, Prezident taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin uni Oliy Majlis palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun kiritadi.

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

Yaʼni, Bosh vazirni tasdiqlash jarayoni aniq tartibga solingan boʻlib, unda nafaqat saylovlarda koʻp ovoz olgan partiyaning fikri, balki Prezident, senatorlar va boshqa deputatlarning fikri ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Yuqoridagilarga koʻra, maʼlumot tarqatilayotganda jamiyat va davlat oldidagi masʼuliyatni unutmaslikka chaqiramiz".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер