Bosh vazir koronavirus masalasida majlis oʻtkazdi

17:58 29 Yanvar 2020 Jamiyat
2220 0

Bosh vazir Abdulla Aripov Xitoyda tarqalayotgan yangi turdagi koronavirus Oʻzbekistonga kirib kelishining oldini olish masalasida 28-yanvar kuni yigʻilish oʻtkazgan. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Bahodir Yusupaliyev maʼlum qildi, deb yozmoqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

“Oʻzbekistonda hali bittayam holat boʻlmagan. Kecha Bosh vazir tomonidan komissiya yigʻilishi oʻtkazildi. Har bir idora va tashkilotlar, shu jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Chegara qoʻshinlariga topshiriqlar berildi”, – dedi Yusupaliyev 29-yanvar kuni Xalqaro press-klub sessiyasida.

Uning aytishicha, hozircha Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti virus qayerdan kelib chiqqani haqida aniq xulosaga kelmagan.

“Bitta narsani bilishimiz kerak: koronavirus – havo tomchi yoʻli bilan yuqadigan infeksiya. Aksirganda, yoʻtalganda bir-biriga oʻtuvchi, odamdan odamga oʻtishi mumkin boʻlgan infeksiya. Gripp bilan taqqoslasak, grippga oʻxshagan havo tomchi infeksiyasi. Alohida taʼkidlashim kerak, grippda oʻlim holatlari 2-4 foizni tashkil qiladi. Bu yerda ham [koronavirusda] oʻlim holatlari umumiy kasallanganlarga nisbatan 2-4 foizni tashkil qiladi.

Bu infeksiya bilan kurashishimiz mumkin. Birinchi navbatda gigiyena talablari, qoidalarini bilishimiz va rioya etishimiz kerak. Bu degani, shamollagan odam niqob taqishi yoki uni alohidalash kerak. Tegishli dorilarni berib, simtomatik davolanadi. Bu davolanadigan kasallik”, dedi vazir oʻrinbosari.

Bahodir Yusupaliyev aholini vahimaga tushmaslikka chaqirib, virus Oʻzbekistonga kirib kelishining oldini olish uchun yetarli choralar koʻrilganini bildirdi.

“Chegaradagi sanitar-karantin punktlarining faoliyati nazoratga olingan. Har bir punktga infeksionist biriktirilgan. Tegishli teplovizor bilan kirib kelayotganlarning tana harorati koʻtarilgan-koʻtarilmaganini bilamiz. Shundan kelib chiqib, birinchi tadbirlarni amalga oshirishimiz mumkin boʻladi.

Keyingi masala, har bitta tibbiyot muassasasida zaxira oʻrinlar, dori-darmonlar tayyorlab qoʻyilgan”, – dedi Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер