Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi tashkil etildi
“Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUK negizida Agentlik huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifalaridan biri mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha toifadagi boʻsh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlash va hisobini yuritish, shuningdek, davlat mulki obyektlarini ijaraga berishni tashkil qilish hisoblanadi.
Markaz davlat boshqaruv organi hisoblanadi va davlat oraganlaridan, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi organlardan hamda boshqa tashkilotlardan zarur boʻlgan axborot va materiallarni soʻrab olish huquqiga ega.
Markaz boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida har yili 1-aprelga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
2020-yil 1-sentyabrdan:
barcha auksion savdolari natijalari QR-kodni qoʻllash orqali rasmiylashtiriladi;
“E-IJRO AUKSION” tizimida quyidagi tartiblar joriy qilinadi:
- auksionda shaxsini identifikatsiyalash imkonini beruvchi mobil ilovalar orqali ishtirok etiladi;
- davlat mulkini ijaraga berish shartnomalari elektron shaklda ikki tomonlama tuzish orqali rasmiylashtiriladi;
- savdolarda mavjud boʻlgan lotlar haqida batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi doimiy yangilanib turadigan va Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan elektron katalog yaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring