Bosh prokuratura Asakada vahshiylarcha oʻldirilgan 9 yoshli qiz ishi boʻyicha bayonot berdi
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalarida Andijon viloyatining Asaka tumanida 9 yoshli qizaloqning vahshiylarcha oʻldirilgani va mazkur holat yuzasidan olib borilgan tergov hamda sud jarayonlari haqida xabarlar, turlicha munosabatlar bayon etilgan fikrlar keng tarqalmoqda.
Bosh prokuratura ushbu jinoyat ishi yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi:
2020-yil 21-iyun kuni Asaka tumanida 9 yoshli qizning murdasi oʻz uyida qotillik alomatlari bilan topilgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari Bosh prokuraturaning Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan olib borilgan.
Toʻplangan dalillarga asosan dastlabki tergovda fuqaro Asroraxon Xamdamova 2020-yil 21-iyun kuni qoʻshnisi D.A. istiqomat qiladigan uyga oʻgʻrilik maqsadida kirgani va u yerdan pul olganiga guvoh boʻlgan, yosh bola Q.I.ning tanasiga bir necha marotaba pichoq bilan jarohat yetkazib, uni qasddan oʻldirgani aniqlangan.
Shuningdek, A.Xamdamova oʻgʻirlik hamda firibgarlik jinoyatlarini ham sodir etganligi oʻz isbotini topgan.
Ayblanuvchining aybi uning koʻrsatuvi boʻyicha olingan ashyoviy dalil (pichoq), pichoq dastasi ichidan olingan namuna marhuma qizga tegishli ekanligi tasdiqlangan ekspertiza xulosasi, guvohlarning koʻrsatuvlari, xususan toʻrt nafar guvoh A.Xamdamova marhuma qizning xonadonidan yugurib chiqqanini koʻrishgani va boshqa dalillar bilan toʻliq isbotlangan.
Bundan tashqari, A.Xamdamova oʻz aybiga iqrorligini ham bayon qilgan. Jumladan, qoʻshnisining uyiga oʻgʻirlik maqsadida kirgani va shu qoʻshnining yosh qizi (marhuma) uni koʻrib qolganidan qoʻrqib, norasidani pichoq bilan oʻldirganligini tan olgan.
Eng muhimi, A.Xamdamovaning iqrorlik koʻrsatuvlari real voqelikka asoslangani va ixtiyoriy ravishda berilgani sud-psixologiya ekspertizasi xulosasi bilan tasdiqlangan.
Binobarin, sudlanuvchi tergov jarayonlarida qoʻrqitilgani yoki qiynoqqa solingani yoxud boshqacha tarzda unga tazyiq oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi iddaolar bilan ham kelishib boʻlmaydi.
Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda goʻyoki “asos” qilib koʻrsatilayotgan “marhuma qizning zoʻrlangani” ham sud-komissiyaviy ekspertizada oʻz isbotini topmagan...
2020-yil 21-iyun kuni mazkur jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan mazmunan koʻrish uchun Andijon viloyat sudiga yuborilgan.
Biroq, tergov davomida aniqlangan va isbotlangan dalil hamda vajlar sud tomonidan inobatga olinmagan, oʻta ogʻir jinoyat harakatlariga yetarli baho berilmagan.
Shu tariqa Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2021-yil 5-maydagi hukmi bilan A.Xamdamova faqatgina firibgarlikda, yaʼni, marhuma qizning onasiga tegishli boʻlgan tilla zanjirni aldov yoʻli bilan qoʻlga kiritishda aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlangan.
Oʻgʻirlik, bosqinchilik va mudhish jinoyat – qotillik yuzasidan esa, u oqlangan.
Shu bois, joriy yil 12-may kuni Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan Andijon viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatining 2021-yil 5-maydagi hukmiga nisbatan Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya tartibida protest keltirildi.
Binobarin, Bosh prokuratura ish boʻyicha manfaatdor taraflar va keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalaridan quyidagi jihatlarga eʼtibor qaratishni soʻraydi:
birinchidan, viloyat sudi tomonidan oqlangan sudlanuvchining “aybsiz” ekanligi haqida sudning yakuniy hukmi qonuniy kuchga kirmasdan turib, xulosa qilishga hali erta.
Zotan, ish boʻyicha sudlov jarayonlari mavjud hujjatlar, dalillar, guvohlarning koʻrsatuvlari, ayblov xulosasiga asos qilib keltirilgan boshqa jihatlarga viloyat sudi tomonidan har tomonlama munosib baho berilmaganini koʻrsatib turibdi;
ikkinchidan, asosan himoya tarafi va sudlanuvchi keng jamoatchilikka taqdim etayotgan “tafsilotlar” asosida ehtirosli xulosalarga kelish nooʻrindir.
Zero, gap 9 yoshida vahshiylarcha qotillikning qurboni boʻlgan qizaloqning ayanchli taqdiri uchun aybdorni soʻzsiz javobgarlikka tortish, bir norasida farzandi oʻldirilgan oilaning iztiroblari, jazoning muqarrarligi va adolat tantanasiga boʻlgan umidi hamda ishonchi haqida bormoqda;
uchinchidan, aynan sudning, aniqrogʻi, Oliy sudning yakuniy toʻxtamidan keyingina jinoyat ishi boʻyicha qoʻshimcha ravishda tegishli munosabat bildiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring