“Bo‘ritosh aya” fermer xo‘jaligida un zavodi ishga tushdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Qamashi tumanida faoliyat yuritayotgan “Bo‘ritosh aya” fermer xo‘jaligi tomonidan Turkiya texnologiyasi asosida yiliga 10 ming tonnadan ziyod un ishlab chiqarish imkonini beradigan korxona ishga tushirildi. Bu tumandagi donni qayta ishlashga ixtisoslashgan ilk korxona hisoblanadi.
— Fermer xo‘jaligimiz asosan paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan, — deydi fermer xo‘jaligi rahbari Azamat Berdiyorov. — Bu sohada salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritib kelayapmiz. Shu bilan birgalikda, aholining o‘sib borayotgan ehtiyojini ta'minlash maqsadida un zavodini ishga tushirdik.
Un zavodida o‘zimizda va Qozog‘istonda yetishtirilgan bug‘doydan foydalanilmoqda. Chunki iqlim sharoitiga ko‘ra har ikkala mintaqada yetishtirilgan bug‘doy o‘ziga xos afzalliklarga ega. Ulardan teng miqdorda foydalanish orqali sifatli un ishlab chiqarishga erishilyapti. Mahsulot hozircha ichki bozorga chiqarilmoqda. Kelgusida eksportga ham chiqarish ko‘zda tutilgan.
Tadbirkor bu bilan cheklanib qolmoqchi emas. U endi sanoat sohasidagi loyihalarni davom ettirib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yana bir quvvatni ishga tushirish harakatida.
— Buning uchun kerakli binoni hozirlab, 10 turdagi non va non mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy texnologiyani xarid qilish bo‘yicha xitoylik ishbilarmonlar bilan kelishuvga ham erishdik, — deydi A. Berdiyorov. — Tez orada bu tashabbusni ham ro‘yobga chiqaramiz.
E'tiborli tomoni, bir yil avval “Bo‘ritosh aya” fermer xo‘jaligida 8 nafar kishi ishlagan bo‘lsa, donni qayta ishlash korxonasining ishga tushishi evaziga ishchilar soni 20 taga yetdi. Agar non ishlab chiqarish loyihasi ham amalga oshirilsa, yana kamida 10 nafar ishchi kuchiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring