Bor bilim va tajribamni, kuch-gʻayratimni mehnatkash, mard va olijanob xalqimizning menga bildirgan yuksak ishonchini oqlash uchun safarbar etishga, bu yoʻlda, kerak boʻlsa, jonimni ham fido qilishga tayyorman — Shavkat Mirziyoyev

16:37 11 Iyul 2023 Siyosat
841 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Davlatimiz rahbari soʻzining avvalida donishmand xalqimiz 9-iyul kuni juda katta siyosiy tadbirni yuqori saviyada, yorugʻ yuz bilan oʻtkazganini qayd etdi.

Yangilangan Konstitutsiya asosida boʻlib oʻtgan saylovlarda fuqarolarimiz yuksak uyushqoqlik koʻrsatib, oʻzlarining siyosiy madaniyati va faolligini namoyon qilgani va buni jahon hamjamiyati ham eʼtirof etayotgani taʼkidlandi.

“Biz barchamiz Oʻzbekiston degan qadimiy, goʻzal va betakror yurt farzandlarimiz. Shu qutlugʻ zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining bugungi hayoti, taqdiri va kelajagi ham bir.

Barchamiz uchun Vatan va xalq manfaatlari muqaddas va eng ustuvor maqsaddir. Saylov jarayonida hammamiz uchun mushtarak boʻlgan ana shunday ulugʻ gʻoyalarni yetakchi oʻringa qoʻygan barcha nomzodlarga oʻz tashakkurlarimni aytaman”, - dedi Prezident.

Davlat rahbari saylovda faol ishtirok etgan, oʻzining xohish-irodasi, yuksak siyosiy ongi va huquqiy madaniyatini yaqqol namoyon etgan, keng koʻlamli demokratik islohotlarni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan barcha vatandoshlarimizga, butun xalqimizga samimiy hurmat-ehtiromini izhor etdi.

“Bor bilim va tajribamni, kuch-gʻayratimni mehnatkash, mard va olijanob xalqimizning menga bildirgan yuksak ishonchini oqlash uchun safarbar etishga, bu yoʻlda, kerak boʻlsa, jonimni ham fido qilishga tayyorman”, - dedi Prezidentimiz.

Saylovni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Markaziy saylov komissiyasi, saylov okruglari va uchastkalariga, xorijdagi saylov uchastkalariga kelib, oʻzining siyosiy irodasini namoyon qilgan vatandoshlarimizga, Haj ziyorati davomida faol boʻlib, saylovda ovoz bergan hojilarga, tinchlik va osoyishtalikni taʼminlagani uchun huquq-tartibot idoralari xodimlariga, shuningdek, saylov jarayonlarini xolisona baholab, haqqoniy yoritib borgan mahalliy va chet ellik kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillariga minnatdorchilik bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер