Bolalarga ham “COVID-19”ga qarshi majburiy emlash joriy etayotgan dunyodagi birinchi davlat maʼlum boʻldi
Foto: AFP
Kosta-Rika 5 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun “COVID-19”ga qarshi majburiy emlashni joriy etgan dunyodagi birinchi davlat boʻldi. Bu haqda mamlakat sogʻliqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Ushbu yosh guruhi uchun majburiy emlash 2022-yil mart oyida boshlanadi. Tegishli qaror Kosta-Rika Emlash va epidemiologiya boʻyicha milliy komissiyasi tomonidan bolalar va oʻsmirlarning eng yaxshi manfaatlari tamoyiliga muvofiq qabul qilingan.
Mahalliy “The Tico Times” gazetasining yozishicha, Kosta-Rika hukumati oktyabr oyida “Pfizer” kompaniyasi vaksinasidan 3,5 million doza vaksina sotib olgan. Taʼkidlanishicha, shundan 1,5 million dozaga yaqini bolalarni emlash uchun ishlatiladi, qolgani esa kattalarga uchinchi doza sifatida yuboriladi.
Oldinroq AQSHda 5 yoshdan 11 yoshgacha boʻlgan bolalarni Amerikaning “Pfizer” va Germaniyaning “BioNTech” kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi preparat bilan emlashga ruxsat berilgan edi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring