Bolalarga ekologiya saboqlarini beruvchi yangi multserial
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizdagi Kinochilar uyida “Yashil makon” animatsion multserialining taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda multfilmni yaratishda ishtirok etgan mutasaddilar, ota-onalar va bolajonlar ishtirok etdi.

— Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan yaratilgan ushbu multserial ekologiya, tabiatni asrash va milliy qadriyatlar bilan bogʻliq turli mavzular yoritishni maqsad qilgan, — deydi loyiha rahbari Abdurahim Jalilov. — Unda yosh eko qahramonlar — Jasur, Binafsha va uning doʻstlari, Metin va Zuv-zuvlar orqali bolalarga atrof-muhitni himoyalash, suvdan oqilona foydalanish, chiqindilarni belgilangan joylarga tashlash, daraxt ekish va uni parvarishlash kabi saboqlar beriladi.

Multfilm 3D va 2D grafika asosida tayyorlangan boʻlib, jami 30 qismdan iborat va ularda turli xil mavzular ochib beriladi. Ayni vaqtda multfilmning 1 va 2 qismlari tayyor boʻlgan. Yosh tomoshabinlar uni “Youtube” platformasidagi “Yashil makon” kanalida tomosha qilishlari mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring