Bola nega duduqlanadi?
Foto: Illustrativ foto
Koʻplab kasalliklarning shakllanishi insonlarning bolalik davri bilan bevosita bogʻliq. Xususan, oʻgʻil-qizlardagi duduqlanish yoki nutqiy buzilishlarga oʻz vaqtida eʼtibor qaratilmasa, bir umrlik nuqsonlarga sabab boʻlishi mumkin.
Xoʻsh, duduqlanish qanday xastalik? Uning oldini olish uchun nima qilish lozim?
Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining shu kabi savollariga 1-son Toshkent shahar bolalar klinik shifoxonasi bosh shifokori Mavluda Tabibova javob berdi:
— Duduqlanish — bolalarda koʻp uchraydigan psixofiziologik murakkab nutq buzilishi, — deydi shifokor. — Bu holat tovushlar, boʻgʻinlar yoki soʻzlarning takrorlanishi hamda choʻzilishi shaklida namoyon boʻladi. Nutqda tez-tez toʻxtash yoki qatʼiyatsizlik kuzatiladi.
Xususan, bola ayrim soʻzlarni aytishdan oldin unli tovushlarga koʻproq toʻxtaladi. Soʻz va gaplarni aytayotganda oʻzi sezmagan holda majburan tutiladi. Gap boshida soʻzning birinchi boʻgʻini yoki oʻzini toʻliq qaytaradi. Gap boshlashdan oldin esa soʻzning birinchi harfini takrorlab qiynaladi. Qolaversa, ularda ichki duduqlanish ham uchraydi. Bunday paytda bola nima deyish kerakligini biladiyu, ammo tiliga chiqara olmaydi.
Nutq buzilishi tugʻma yoki orttirilgan boʻlib, asosan 2 yoshdan 5 yoshgacha boʻlgan kichkintoylarda uchraydi. Shu bilan birga, bu muammo oʻgʻil bolalarda qizlarga qaraganda uch baravar koʻproq tashxis qilinadi.
Duduqlanishning rivojlanishida genetik moyillik muhim rol oʻynaydi. Biroq homiladorlik paytida ayollarning oʻz salomatligiga yetarlicha eʼtibor bermasligi, ayniqsa, gripp va shamollash kabi virusli kasalliklardan toʻliq davolanmaslik, turli dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilish, onalarning zararli illatlarga ruju qoʻyishi, tugʻuruq davrida bola miyasining lat yeyishi ham ularda duduqlanishga sabab boʻlishi mumkin.
Shuningdek:
— bola tugʻilganidan keyin to uch yoshga toʻlgunga qadar ogʻir infeksion va endokrin kasalliklarga chalinishi;
— qattiq qoʻrquv;
— ota-onalarning yosh farzandi oldida baland ovozda janjallashishi;
— jismoniy va ruhiy zoʻriqishlar;
— turli miya shikastlanishlari va boshqalar ham bu muammoni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, oiladagi qatʼiy nazorat, kichkintoylarga haddan ortiq talabchanlik qilish ham ularda duduqlanishga sabab boʻlishi mumkin. Ayrim ota-onalar esa jajji oʻgʻil-qizlariga kichikligidan aqliy yuklamlarni koʻpaytirib, uzundan uzun sheʼrlar yodlashga, qiyin soʻz va boʻgʻinlarni talaffuz qilishga, xorij tillarini oʻrganishga majburlashadi. Bu ham kichkintoylarda nutqning buzilishiga olib keladi.
Agar bolada duduqlanish kuzatilayotgan boʻlsa, logoped yoki psixonevrolog kabi mutaxassis-shifokorlarga murojaat qilish lozim. Davolash muolajalari qancha erta boshlansa, kichikintoy shuncha tez va asoratsiz shifo topadi.
Shu bilan birga, maktabgacha taʼlim muassasasida tarbiyachilar, oilada esa ota-onalar duduqlanuvchi bolaga toʻgʻri, mustaqil va ravon soʻzlashi uchun imkon yaratib berishi maqsadga muvofiq. Ayniqsa, farzandning nutqi rivojlanayotgan davrda ularga ehtiyotkor munosabatda boʻlish, salomatligiga doimiy eʼtibor qaratish muhim.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring