Boysunlik shifokorni kaltaklagan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi — Sogʻliqni saqlash vazirligi
Illustrativ foto
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida shifokor ayovsiz kaltaklangani aks etgan videolavha tarqalgan edi. Bu haqda Sogliqni saqlash vazirligi rasmiy maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, Boysun tuman tibbiyot birlashmasi qabul boʻlimida shu yil 9-yanvar sanasida navbatchilik qilayotgan shifokor F.J. va fuqaro Sh.X. oʻrtasida shaxsiy masala yuzasidan tortishuv kelib chiqqan. Oqibatda kelishmovchilik janjalga aylanib, shifokor olgan tan jarohati tufayli hushini yoʻqotgan.
Shuningdek, jabrlanuvchi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga “Burun suyagining yopiq sinishi. Oʻng koʻz olmasi kontuziyasi. Oʻng yuqori jagʻ jarohati” tashxisi bilan yotqizilgan. Hozir bemorning ahvoli oʻrta ogʻir. Davo muolajalari belgilangan standartlar asosida olib borilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan bugun Boysun tuman Ichki ishlar boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring