Boysunga yuz yillar davomida kutilgan obihayot keldi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Boysun tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha topshiriq bergan edi. Bu bejiz emasdi, albatta.Chunki suv, ayniqsa, toza ichimlik suvi mazkur tuman ahli uchun orzu edi. Shu paytgacha tuman aholisi isteʼmol uchun suvni vaqti-vaqti bilan keladigan maxsus transport vositalaridan sotib olar, ular uchun bir chelak yoki bir kosa suvning qadri juda baland edi.
Qayd etish kerakki, ushbu masʼuliyatli vazifa “Oʻzbekiston temir yoʻllari“ aksiyadorlik jamiyati jamoasi zimmasiga yuklatildi. Shundan kelib jamiyat mutaxassislari oʻtgan vaqt mobaynida Boysun tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashdek ezgu vazifani ado etdilar. Kuni kecha tuman ahli uchun moʻljallangan loyiha roʻyobga chiqarilib, bu yerga obi hayot yetkazib beriladigan boʻldi. Gap shundaki, umumiy qiymati 58 milliard soʻmni tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida Xoʻja Mayxona bulogʻidan tuman markazigacha 36,4 kilometr masofada ichimlik suvi quvuri tortildi. Qurilish-montaj ishlari Maxsus mexanizatsiyalashgan yoʻl stansiyasi mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi. Bunyodkorlik jarayonida 29,3 km. temir, 7,1 km. polietilin quvurlar jahon andozalari darajasida yotqizildi.
Shuningdek, bu yerda suvni aholi yashash punktiga yetkazib beruvchi maxsus nasos stansiyasi ham barpo etildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbir bayramona tus oldi. Boysun ahli suv inshooti foydalanishga topshirilish marosimini odamlar katta quvonch va shodiyona, oʻyin-kulgi bilan qarshi olishdi.
Chindan ham, bu boysunliklar uchun chinakam bayram, quvonch va shodiyona olib keldi. Zero, Boysunga yuz yillar davomida kutilgan obihayot keldi. Shu orqali bu yerga qut-baraka kirdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi odamlarga shunday quvonch va baxt baxshida etmoqda.
Hozircha, ushbu loyiha asosida tumanning uchta qishlogʻi ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Keyinchalik suv boshqa qishloq aholisiga ham yetkazib beriladi.
Dilshod Ulugʻmurodov,
“Xalq soʻzi “muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring