Boysunga ilm izlab kelgan yapon qizi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Yaponiyaning Osaka shahridan kelgan yosh olima Natsumi Shida ikki yildirki Boysunning togʻli Qizilnavr qishlogʻida yashaydi. Uning anʼanaviy gilamchilik mavzusini tadqiq etishida mahalliy aholining xizmati katta. Samimiy, koʻngli ochiq qishloq odamlari yapon qizidan mehrini ayamaydi, ilmiy izlanishlariga koʻmaklashadi.
Qizilnavrning goʻzal tabiati, musaffo havosi, zilol suvlari-yu qip-qizil tuprogʻini koʻrish uchun olislardan sayyohlar tez-tez tashrif buyurishadi. Ayniqsa, bu yerda qadimgi hunarmandchilik rivojlangan. Har bir xonadonda oʻtmish qoʻl mehnati mahsulidan hanuzgacha foydalaniladi. Natsumi ham bejiz ushbu makonni oʻziga yaqin olmadi.
— Boysunning koʻplab qishloqlarida boʻldim, — deydi Natsumi Shida. — Keyin Qizilnavrni tanladim. Azaldan turk toʻqima gilamlariga qiziqqanman. “Bunday gilam toʻqiydigan “turk koʻchmanchilari” kimlar?”, “Doim bir manzildan boshqa joyga koʻchib yuriladigan hayot tarzida ular gilamni qay tarzda toʻqishadi?” kabi savollarimga javobni Qizilnavrdan izladim. Ochigʻi, bu qishloq hayotiga chuqur shoʻngʻib ketishimni oʻzim ham tasavvur qilmagandim. Samimiy va xushmuomala odamlari meni ikki yil davomida oʻzbek ayoliga aylantirishdi.
Qoʻl mehnati asosida biror ashyo yaratish barcha xalqlarga xos. Shunday yaratuvchanlik mohiyatini oʻrganish uchun mohir ustalarni tadqiq etishga harakat qilyapman. Ilmiy ishimda insonning xususiyati buyum tayyorlash orqali qay tarzda avloddan avlodga oʻtishi va qayta tugʻilishini Boysun gilamchiligi misolida koʻrsatib bermoqchiman.
Boysunda yarim koʻchmanchilik asosida hayot kechiradigan chorvadorlarning turmush tarzi bilan yaqindan tanishdim. Mahalliy aholi tilida “kapa”, “qora uy” deb ataladigan oʻtovlar ajoyib, hayratlanarli. Xullas, vazifalarim koʻpaydi, maqsadim kengaydi. Koʻchmanchilarning kundalik turmushda orttirgan, avloddan avlodga oʻtkazib kelayotgan bilimlarini oʻrganish va dunyoga targʻib etishni niyat qilganman.
Yosh olima Natsumi oliygohda tarix, aspiranturada madaniy antropologiya (etnografiya) boʻyicha tahsil olgan. Oʻtgan yili Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutida malaka oshirib, yana Boysunga qaytgan.
— Xonadonimga ikki yildan buyon yashayotgan Natsumi xuddi oʻz qizimdek boʻlib qolgan, — deydi “Qizilnavr” MFY faoli Jamila Xoʻjaqulova. — U roʻzgʻor yumushlarida ham koʻmakchi, uyga mehmon kelsa, dasturxon tuzaydi. Choy qaytarib, oʻzbekcha lutf bilan piyolani uzatadi. Pazandalik borasida ham oʻzbek ayollari bilan bemalol bellasha oladi. Oʻzbek xonadoniga kelin boʻlsa, bir oilani eplaydi. Undan hazillashib, kelin boʻlib qishlogʻimizda qolishini soʻrasak, tengim chiqib taqdir birlashtirsa… deydi. Qishloqdoshlarimiz unga Nafisa ismini berishgan. Oʻzbek tilida tushunmaydigan soʻzi yoʻq, gapirishda biroz qiynalsa-da, oʻz fikrini, maqsadini bemalol tushuntira oladi.
Qishloq kayvonilari Zulfizar momo hamda Oysha momo Nafisaga gilam toʻqish, kashta tikish sirlarini oʻrgatgan. Yapon qizi bu ustozlarini oʻz buvisi singari eʼzozlaydi.

— Nafisaning zehniga, sabr-bardoshiga qoyil qolmasdan iloj yoʻq, — deydi Zulfizar momo. — Bir narsani ikki marta takrorlashning hojati yoʻq. Shunday qarab tursa bas, darrov oʻzlashtirib oladi. Hozir gilamlarning barcha turlarini bemalol mustaqil toʻqiydi. Dastlab nisbatan oson boʻlgani uchun gilamning “qoqmagilam” turini toʻqishni oʻrgandi. Keyin “gʻajariglam”, “imom Sultonigilam”, “chumchuqkoʻzgilam” turlarini ham toʻqilishini oʻzlashtirdi. Bugun oʻzi oʻrmak qoʻyib, gilamlarning har qanday turini toʻqiydi.
— Nafisa bir kuni yonimga kelib, menga qoshiqxalta toʻqishni oʻrgating, deb qoldi, — deya suhbatga qoʻshiladi Oysha momo. — Ertasi kuni meni qoyil qoldirdi. Uch kunda bitkaziladigan ishni bir kunda tayyorlab olib keldi. Bir kun oʻtib, endi menga oʻtovuyning peshona yopqichini toʻqishni oʻrgating, dedi. Uni ham binoyiday oʻzlashtirib oldi.
Yapon qizidagi hunar oʻrganishga boʻlgan ishtiyoq, tirishqoqlik va sabr-bardosh qishloq ayollariga ham koʻchdi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Buni birgina shu qishloqda yashovchi 7 nafar farzandning onasi Fazilat Norbitova misolida ham koʻrish mumkin.
— Nafisaning saʼy-harakatlari men singari uy bekalarini ham befarq qoldirmadi, — deydi F. Norbitova. — Shuncha olis yurtdan kelib ilm olishi, hunar oʻrganishi tahsinga loyiq. Buni qarangki, Natsumining onasi 63 yoshda boʻlsada, ayni paytda Yaponiyada psixologiya yoʻnalishida tahsil olayotgan ekan. Shuni aytib, meni ruhlantirdi. Ilm olishning erta-kechi yoʻqligini angladim. Oʻtgan yili oliy taʼlim muassasasiga hujjatlarimni topshirib, tarix yoʻnalishi boʻyicha oʻqishga kirdim.
Natsumi kelajakda Yaponiyaning etnografiya muzeyida oʻz faoliyatini davom ettirmoqchi. U yerda oʻtov — qorauy oʻrnatish niyatida. Buning uchun jihozlarning aksariyatini oʻzi tayyorlagan.
Osmonoʻpar imoratlar qurshovida yashaydigan Natsumi uchun bu moʻjazgina qishloqda porlab turgan mitti yulduzlar, sokin oqshomlar, musaffo tonglar qadri oʻzgacha. Mehr qoʻygan qishlogʻidan koʻngil uzish oson emas. Yaqinda u yurtiga qaytadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring