Boylar oʻz xarajatlari uchun davlat byudjetidan dotatsiya olmasligi kerak — “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov
Arxiv surat
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov 1-maydan eʼtiboran aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oʻzgarishi hamda ijtimoiy normalar kiritilishiga munosabat bildirdi.
Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminoti isteʼmolining bazaviy meʼyorlari tasdiqlangandi.
“Taʼkidlash kerak, Oʻzbekistonda elektr energiyasi isteʼmoliga toʻlovlar uning tannarxiga mos kelmaydi, oradagi tafovut davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplanadi. Bunday yondashuv fuqarolarning moddiy imkoniyatidan qatʼi nazar, butun aholi uchun qoʻllaniladi.
Energiya resurslarining jiddiy tanqisligi sharoitida moddiy taʼminlangan fuqarolar xarajatlari uchun davlat byudjetidan dotatsiya olmasligi kerak, deb hisoblaymiz.
Energetika vazirligi hisob-kitoblariga koʻra, hozir aholining 15 foizi oyiga 300 kW soatdan ortiq elektr energiyasini isteʼmol qiladi. 75 foiz aholining isteʼmoli esa 200 kW•soatdan oshmaydi.
Albatta, Oʻzbekistonning energetika tarmogʻi tub islohotlarga muhtoj, shu munosabat bilan tariflarni oʻzgartirish va bozor mexanizmlarini joriy etish zarur.
Islohotlar bilan birga, biz masʼul vazirlik va idoralarni quyidagilarni inobatga olishga chaqiramiz:
Qaror ijrosi doirasida markaziy isitish tizimi va tabiiy gazdan foydalanish imkoni yoʻq hududlardagi sharoitlarni hamda asosiy issiqlik manbalari pechka va konditsionerlar ekanligini hisobga olish zarur;
Energetika vazirligi yuqori kuchlanish boʻlganda maishiy texnikalariga zarar yetgan isteʼmolchilarga kompensatsiya toʻlash mexanizmlarini ishlab chiqishi zarur;
Hukumat davlat byudjetidan energiya tarmogʻini modernizatsiya qilishga ajratilgan mablagʻlarning ochiqligi va shaffofligini taʼminlashi kerak;
Xorijiy tajribani oʻrganish ham muhim. Masalan, differensiyalangan tariflar qoʻllaniladigan mamlakatlarda elektr energiyasiga talab yuqori boʻlgan paytlarda (anomal havo sharoitlarida) tarif normalari sezilarli darajada oshiriladi”, deydi Bobur Bekmurodov.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring