Boy tarixga ega kutubxona
Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Kutubxona binosi boy tarixga ega. U XIX asr oxirlarida qoʻqonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. Qurilganidan ko‘p o‘tmay bu oila binoni sotib yuborib, unga Toshkent shahar dumasi va Jamoat yig‘ini joylashadi, turar joy qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantiriladi.

O‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi davlat kutubxonasining O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi Vadyayevlar qarorgohidagi kutubxona binosiga ko‘chiriladi, keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi tasarrufiga berilganini Toshkent aholisi yaxshi eslaydi.
Kutubxonaning kitob fondi 1965-yildan boshlab shakllantirilib, 200 ming jildga yaqin nashrdan iboratdir. Qayta ta’mirlash ishlari mobaynida u kengaytirilib, uning qatoriga yana 21 ming kitob qo‘shildi. Bunda alohida e’tibor islom, Yevropa va zamonaviy sanʼatga oid kitoblar saralamasiga qaratildi.

Doimiy ravishda to‘ldirilib boriladigan kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etildi. Unda risoladagidek to‘ldirish, tizimlashtirish, toifalashtirish, o‘quvchilarni izlash, kitoblarni berish va ma’muriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.
Bolalar va yoshlarni jalb qilish maqsadida barcha kutubxona maydonlari xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘p funksional ahamiyat kasb etdi: mushtarak ilhom ijodxonalari va raqamli kontent bilan ishlash studiyasi vujudga keldi. Mebel va ish o‘rinlari asl hassos dizayn bo‘yicha ishlab chiqarilgan: turli buyumlarni saqlash tizimlari, qulay partalar, ma’ruzalarni tinglash, o‘qish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan yakka tartibda ishlash xonalari nazarda tutilgan. Mutolaa zallaridan tashqari kutubxonada kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, ovoz yozish studiyasi mavjud.

Kutubxona binosining ichki qismida pardoz ishlari davomida qiziqarli topilmalarga duch kelindi. Ular orasida XX asrning 60-yillariga mansub manzarali devoriy suratlar ham bor. Tashrif buyuruvchilar kutubxonaning ichki qismidagi restavratsiya qilingan rangtasvir namunalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ldi.






Foto: Sirojiddin Vohidov / “Xalq so‘zi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring