“Bog‘ibaland” mahallasiga mamlakatimizdagi birinchi turistik mahalla maqomi berildi

22:23 06 Sentyabr 2023 Jamiyat
972 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

“Bog‘ibaland” - Sohibqiron Amir Temur asos solgan va bugungacha saqlanib qolgan mashhur bog‘lardan biridir. Tarixiy manbalarda “Bog‘ibaland” anjirzorlari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishi qayd qilingan. Jumladan, “Boburnoma”da bu hududda  Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab “Bog‘ibaland” bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan.

Bugungi kunda bu hududidagi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan 40 gektarlik bog‘da 10 mingdan ortiq daraxtlarda 2 xil turdagi sariq va qora anjirlar yetishtiriladi. Mevalar ekologik jihatdan toza va organik hisoblanadi, chunki ularni yetishtirishda kimyoviy moddalar va dorivorlardan foydalanilmaydi.

Xo‘ja Is’hoqi Valiy ziyoratgohi, “Qizlar teppa” arxeologik yodgorligi, “Bionur” tibbiyot turizm maskani, mahalla aholisi xonadonlarida tashkil etilgan animasion uylar, mehmon uylari, “Fattoh obod” choyxonasida tayyorlanadigan Sitora palov va boshqalar yil davomida mahalliy va xorijiy sayyohlarga turizm xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.

Ana shu mashhur “Bog‘ibaland” mahallasiga mamlakatimizdagi birinchi turistik mahalla maqomi berildi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan tadbirda MFY raisiga O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev tomonidan turistik mahalla maqomini beruvchi sertifikat tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur mahalla ushbu maqomga ega bo‘lishi uchun bu yerda qator ishlar amalga oshirildi. Xususan,  bog‘ hududida 15 ta dam olish maskani va milliy uslubdagi degustatsiya uchun joylar tashkil etildi. Piyoda, velosiped, elektromobil, velomobil, otda sayr qilish uchun sharoit yaratildi. Mehmonlarning qulay harakatlanishi uchun yo‘l ko‘rsatkichlari, stella va bog‘ xaritasi o‘rnatildi. Har xil turdagi manzarali va mevali daraxt va gul ko‘chatlari ekildi. Anjir va anjir mahsulotlaridan tayyorlangan shirinliklar,  quritilgan va konservalangan mahsulotlar savdosi yo‘lga qo‘yildi. Hududda tayyorlangan hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi va savdosi tashkil etildi. Mahallaning barcha uchun qulay joyida Turizm axborot markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilib,  turistlar uchun zaruriy ma’lumotlar joylashtirildi. Shuningdek, anjir daraxtlarini ekish, yetishtirish, hosilni yig‘ish jarayoni bilan sayyohlarni tanishtirish, ushbu jarayonlarda tashrif buyuruvchilarning o‘zlari ham ishtirok etishlari va degustatsiyani tashkil etishga sharoit yaratildi.

- Samarqanddagi dam olish maskanlari, sanoat turizmi, agroturizm, etnoturizm, ziyorat, tibbiyot va arxeologik turizm ob’yektlari allaqachon sayyohlarning sevimli manziliga aylangan, -  deydi Samarqand shahar hokimi Fazliddin Umarov. - Mazkur “Turizm mahallasini” tashkil etish orqali Samarqandga tashrif buyurayotgan chet ellik sayyohlar uchun yangi turistik yo‘nalish barpo etildi. Viloyat aholisi uchun yangi dam olish maskanlari vujudga keldi. Bu esa ushbu mahalla aholisi uchun qo‘shimcha ish joylari va daromad manbai sifatida xizmat qiladi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni ijrosini ta’minlash  maqsadida 2020 yilda respublikada birinchilardan bo‘lib Samarqand viloyatida “Konigil” turizm qishlog‘i ochilgan edi. Mana, oradan uch yil o‘tib, mamlakatimizdagi  ilk turistik mahalla - “Bog‘ibaland” ham aynan Samarqand shahrida tashkil etildi.

Bunday etnografik, viloyatning o‘ziga xosligini ko‘rsatib beruvchi hududlarga nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlarda ham qiziqish kundan-kunga ortib borayotganini viloyatga tashrif buyurayotgan mehmonlar oqimidan ham bilishi mumkin. Ularning soni kelgusida yanada ortib borishi uchun viloyatda barcha imkoniyatlar bor.

 

 

Abdulaziz Yo‘ldoshev

(Xalq so‘zi)

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер