Boburshunoslikning galdagi vazifalari belgilab olindi

17:29 14 Fevral 2025 Jamiyat
317 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Andijon viloyati hokimligida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligiga bagʻishlangan “Boburshunoslikning yangi ufqlari: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi. Viloyat hokimligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda yurtimizdagi va xorijlik boburshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid, Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari Davronbek Sattorov, Prezident Administratsiyasi vakili, professor Saidxon Saidolimov va boshqalar soʻzga chiqib, xalqimizning boy madaniy merosi, buyuk bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur va koʻplab allomalarmiz tomonidan yaratilgan nodir, bebaho ilmiy asarlarning jahon taraqqiyoti, ilm-fani rivojidagi ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtdi.

— Dunyoda mashhurlar juda koʻp, — deydi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati boʻlimi rahbari Xurshidaxon Vahobjon qizi. — Biroq ularning avloddan-avlodga meros qoldirsa arzigulik jihatlari juda kam. Zahiriddin Muhammad Boburning ham hayoti, ham ijodi, shoh sifatidagi faoliyati nafaqat oʻzbek xalqi uchun, balki butun dunyo ahli uchun hamma vaqt muhim ahamiyat kasb etib kelgan. Birgina “Boburnoma” asarining oʻnlab tillarga tarjima qilingani bunga misoldir. Bugungi anjumanda asarning italyan tiliga tarjima qilingani eʼlon qilindi. Demak, Bobur asarlari oʻquvchilari soni yildan yilga kengayib bormoqda. Bu esa uning jahon miqyosida tutgan oʻrni, mavqeidan dalolatdir.

Tadbir davomida Turkiyaning Goʻzal sanʼatlar universiteti professori Tanju Seyxan, Ozarbayjon milliy ilmlar akademiyasi professori Almaz Binnatova, oʻzbekistonlik olimlardan Hamidulla Boltaboyev, Xosiyat Bekmirzayevalarning “Navoiy va Bobur”, “Boburshoh asarlarida murojaat usullari”, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi”, “Boburnoma” asarining ingliz tiliga tarjimasi xususida» kabi mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.

Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi davlatlardan tashrif buyurgan olimlar ishtirokidagi ushbu tadbirda boburshunoslikning galdagi vazifalari belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер